Qallibek Kamolov: Taqdirimiz yagona, dardimiz oʻxshash, yutuqlarimiz umumiy

    Fikr 2 Iyun 2021 3180

    Yaqinda Nukus shahridagi “Bilim” nashriyotida Qallibek Kamolov qalamiga mansub “El xizmatida” nomli xotira kitobining oʻzbek tilida nashrdan chiqarilishi kitobxonlar uchun oʻziga xos sovgʻa boʻldi.

    Qoraqalpoq xalqining taniqli oqsoqoli, davlat va jamoat arbobi, “Shuhrat” medali, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, yaqinda 96-bahorni qarshilagan Qallibek Kamolovning nomi nafaqat qoraqalpoq elida, balki butun mamlakatimizda yaxshi tanish.

    Ulkan hayotiy tajribaga ega boʻlgan hurmatli oqsoqolning ushbu asarida muallif tugʻilgan vaqtdan boshlab, oʻz eliga rahbarlik qilgan 1960-80 yillar va undan keyingi davrlarda yuz bergan hayotiy voqealar toʻliq qamrab olingan. Aytish joizki, xolis va haqqoniy ruhda yozilgan ushbu asar maroq bilan oʻqiladi, unda tasvirlangan har bir holat oʻquvchini hayot haqida chuqur mushohada yuritishga undaydi.

    Mehnat faoliyatini 1942-yilda maktabda oddiy oʻqituvchilikdan boshlagan yosh Qallibek institutda oʻqib yurgan kezlaridayoq oʻzining siyosiy va ijtimoiy faolligi bilan yaqqol koʻzga tashlanib qoladi. Shu bois uni 1949-yilda oblast yoshlar tashkilotining birinchi kotibi etib tayinlashadi. Shundan soʻng tajribali el oqsoqolining uzoq yillik sharafli rahbarlik faoliyati boshlanadi. Jumladan, u 1951-yilda Qoraqalpogʻiston Ministrlar Soveti Raisining oʻrinbosari, 1952-yilda Nukus shahar ijroiya qoʻmitasi rahbari, 1953-1956-yillarda kommunal xoʻjalik vaziri, 1956-1958-yillarda Avtomobil transporti va yoʻllar vaziri, 1958-1959-yillarda sobiq Kuybishev rayoni partiya qoʻmitasining birinchi kotibi, 1959-1963-yillarda Qoraqalpogʻiston ASSR Ministrlar Soveti Raisi, 1963-1984-yillarda ushbu respublikaning partiya qoʻmitasining birinchi kotibi, 1984-1986-yillarda sobiq Ittifoqning Ruminiyaning Konstansa shahridagi Bosh konsuli vazifasida faoliyat koʻrsatadi.

    Qallibek ogʻa 6 marotaba sobiq Ittifoq Oliy Kengashiga deputat etib saylangan. Favqulodda va muxtor elchi diplomatik maqomiga ega boʻldi. Oʻndan ortiq nufuzli orden va medallar, turli faxriy unvonlar bilan taqdirlangan.

    1949-yilda u kishi sadoqatli rafiqasi Lyubov Semyonovna bilan turmush qurib, 70 yildan ortiq davr mobaynida ahil va totuv yashab kelishmoqda. Ikkalasi oilada 4 nafar farzandni, oʻnlab nabiralarni voyaga yetkazishdi. Bir soʻz bilan aytganda, Qallibek ogʻa bugungi kunda piru badavlat nuroniy sifatida mazmunli hayot kechirmoqda.

    Kitob qoraqalpoq elining kelib chiqish tarixi haqida ilmiy manbalarga asoslangan hikoyalar bilan boshlanib, salkam yuz yillik davrda yuz bergan voqealar qiyosiy-solishtirma dalillar asosida tahlil qilinadi. Asarda koʻplab taniqli rahbarlarning el-yurt taraqqiyoti yoʻlida amalga oshirgan ezgu ishlari tilga olinib, ularning faoliyatiga xolis va haqqoniy baho beriladi.

    Ayniqsa, muallif oʻz asarida 1936-yilda Qoraqalpogʻiston Avtonom Respublikasining Oʻzbekiston tarkibiga oʻtishi – tarixiy ildizlari bir boʻlgan ikki tugʻishgan millat hayotida tub burilish yasagan nihoyatda adolatli qaror boʻlganini eʼtirof etadi: “Qardosh xalqlarning yagona maqsad yoʻlida birlashuvi ulkan baxt va farovonlik sari yoʻl ochdi. Oʻzbekiston bagʻrida yashab, oʻzbek xalqi bilan qismatdosh boʻlishimiz bizni baxt-saodatga, toʻkis va farovon hayot sari yetakladi. Bagʻrikeng, oqkoʻngil oʻzbek xalqi qoraqalpoqlar bilan bir ota-onaning farzandlari singari hamjihatlikda hayot kechirib, yagona maqsad sari qadam tashlab kelmoqda. Alloh taoloning oʻzi bizni Oʻzbekiston bilan taqdirdosh qilib yaratgan”.

    Taʼkidlash kerakki, Qallibek ogʻa oʻtgan asrning oʻrtalaridan boshlab oʻzlashtirilmagan ulkan imkoniyatlar maskani hisoblangan, iqtisodi yetarli darajada rivojlanmagan Qoraqalpogʻistonning qaddini tiklash, jumladan, uning hududida mahalliy va xalqaro ahamiyatga molik yoʻllarni barpo etish, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, sholichilik, sanoat, qurilish infratuzilmalarini yuksaltirish va hududlarni gazlashtirishga kirishdi. Oʻlkada sogʻliqni saqlash, madaniyat va ilm-fan sohalarining rivojiga beqiyos hissa qoʻshdi. Safdoshlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilib, bunday sharafli yoʻlda juda katta yutuq-natijalarga erishdi.

    Muallif biyday choʻlu biyobon boʻlgan hududda qanday qilib meva-sabzavotchilikni taraqqiy ettirishga erishgani haqida toʻxtalib, buning sabablarini misollar orqali ochib beradi: “Sharof Rashidovning topshirigʻiga asosan 1963-yili erta bahorda Toshkentdan bogʻdorchilik sohasining akademigi hisoblangan atoqli bogʻbon Rizamat akani respublikamizga taklif qildik. Ana shu oqsoqol boshchiligida Nukusdagi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining talabalari koʻmagida qariyb 2 ming gektar maydonga turli mevali daraxt nihollari ekildi. Mazkur bogʻni hosilga kirguncha uch-toʻrt yil vaqt davomida davlat mablagʻi hisobidan asrab-avaylab, parvarishladik”.

    Shundan keyin kolxozu sovxozlarning har birida 30-50 gektardan bogʻlar tashkil etilgani, buning natijasida 80 yillarga kelib hudud meva-sabzavot mahsulotlari bilan oʻzini oʻzi taʼminlabgina qolmay, boshqa respublikalarga vagon-vagon sarxil meva-cheva yuborish va xalqning dasturxonini olma, uzum va boshqa neʼmatlar bilan toʻkin qilishga muvaffaq boʻlingani bayon etiladi.

    Qallibek Kamolov oʻz asarida ikki qardosh el – oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari orasidagi birodarlik rishtalarni yana-da mustahkamlashga, ularning ogʻizbirchiligi, yakdilligi va totuvligini bardavom qilishga hissa qoʻshgan ulugʻ insonlar haqida alohida toʻxtaladi. Jumladan, kitob avvalida oʻquvchilarga qoraqalpoq xalqining atoqli soʻz sanʼatkori, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, oʻz elining suyukli farzandi va soʻnmas yulduzi Ibroyim Yusupovning hayoti va ijodi haqida qimmatli maʼlumotlar beriladi. Muallif Ibroyim ogʻa bilan 1945-yildan, yaʼni Nukus pedagogika institutida birga oʻqigan davridan boshlab oltmish yildan ziyod davom etgan doʻstona aloqalari haqida maroq bilan hikoya qiladi.

    Shuningdek, qoraqalpoq elining ulkan chinorlari – yurtga oʻtgan asrning 30 yillaridan boshlab uzoq yillar rahbarlik qilgan, jurʼatli, halol, chuqur bilim va tajribaga ega birinchi rahbarlar – Pirjan Seyitov, Mateke ogʻa Jumanazarov, Navroʻz ogʻa Japaqovlar haqida ibratli fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashadi. Bu oqsoqollar qiyin-qistovli yoʻqchilik zamonlarida balandparvoz chaqiriqlardan holi tarzda vatanparvarlik, xalqparvarlik, kuyinchaklik bilan xalq farovonligi yoʻlida ulugʻ ishlarni amalga oshirishgani diqqatga sazovordir.

    1937-1950-yillarda Oʻzbekistonga rahbarlik qilgan Usmon Yusupovning qoraqalpoq eliga otalarcha gʻamxoʻrligi, bu zaminning gullab-yashnashi va mamlakatning ilgʻor markazlardan biriga aylanishi yoʻlidagi saʼy-harakatlari, ayniqsa, sobiq Markazqoʻm tomonidan “hayfsan” olishiga sabab boʻlsada Chorjuy-Qoʻngʻirot temir yoʻli tarmogʻini qurish borasidagi chinakam jasorati qiziqarli ochib berilgan.

    Kitobda sobiq Ittifoq miqyosidagi baʼzi ulkan rahbarlarning qishloq xoʻjaligi sohasidagi noʻnoqligi, savodsizligi va mafkuraviy yondashuvi oqibatida uning tarkibidagi respublikalarda bu borada tushunarsiz va xato siyosat olib borilgani, qoʻriq yerlarni oʻzlashtirish borasidagi biryoqlama xatti-harakatlarning ayanchli oqibatlari aniq faktlar asosida chuqur tahlil qilingan: “N.S. Xrushchyov partiya va hukumat rahbarligini qoʻlga olishi bilan qishloq xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan sentyabr Plenumi (1954-yil) oʻtkazildi. Shunga asosan amalga oshirilgan kolxozlarni yiriklashtirish siyosati bizning respublikada ovul xoʻjaligini rivojlantirishga unchalik yaxshi taʼsir koʻrsatmadi.

    Mashaqqatli mehnat va kam hosil olish, kolxozchilarning juda oz miqdorda ish haqi olishi kabi holatlar bartaraf etilmadi. Sentyabr plenumining qaroriga binoan mamlakatdagi barcha kuchlar Qozogʻiston va Rossiyadagi qoʻriq yerlarni oʻzlashtirishga safarbar etildi.

    “Oʻttiz mingchilar” harakati boshlandi, biroq ana shu tadbir ham Qoraqalpogʻistonda oʻzini oqlamadi. Qoʻriqni oʻzlashtirishlarga koʻproq eʼtibor qaratilib, bizning respublikaga yangi texnika vositalari yetarli darajada ajratilmadi”.

    Qallibek ogʻa oʻz mehnat faoliyati davomida yana bir xalqparvar arbob, donishmand va diyonatli inson Sharof Rashidovdan ham koʻp mehr koʻrganini, u kishining hamisha oʻziga doʻstona maslahatlar berganini, qoraqalpoq eliga, barcha sohalar rivojiga alohida eʼtibor qaratganini, shu sababli oʻzi uchun qadrli va gʻamxoʻr, ulugʻ ustoz deb bilishini alohida hurmat bilan qayd etadi.

    Sharof Rashidov ogʻir paytlarda hamisha qoraqalpoqlarga koʻmak-madad berganini, juda koʻplab qishloq xoʻjaligi texnikalari, mablagʻ va resurslar ajratib berishda yordamini ayamagani, birodar qoraqalpoqlar manfaatlarini har doim sobiq Ittifoq miqyosida ham qatʼiyat bilan himoya qilganini qayd etadi.

    U kishining koʻmagida Taxiatosh GESi va toʻgʻonining qurilishi, yuz minglab aholi yashaydigan Ellikqalʼa, Jambasqalʼa, Qirqqiz massivlarining bunyod etilishi butun Qoraqalpogʻiston qiyofasini oʻzgartirib yuborgani haqidagi xotiralar bilan tanishar ekansiz, Sharof Rashidov siymosiga hurmatingiz yana-da oshadi.

    Oʻzbekistonning atoqli rahbarining Tilevbergan Jumamuratov, Julmirza Oymirzayev, Ibroyim Yusupov, Toʻlepbergan Qayipbergenov kabi qoraqalpoq yozuvchi va shoirlari ijodini sobiq Ittifoq miqyosida keng targʻib qilish, ularning zahmatli ijodiy mehnatlarini munosib mukofotlashga katta hissa qoʻshganini chuqur mamnuniyat bilan yodga oladi.

    “El xizmatida” asarida sobiq tuzumning soʻnggi davrlarida yuz bergan siyosiy oʻyinlar, talotoʻpli voqea-hodisalarga ham keng oʻrin berilgan. Taqdir taqozosi bilan maʼlum muddat Oʻzbekistonni boshqargan ayrim rahbarlarning noʻnoq-noshudligi va qatʼiyatsizligi, mustaqil qarorlar qabul qilish salohiyatidan mosuvoligi, ularning sobiq Markazdan kadrlar masalasida yordam soʻrashi, Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi jallodlarning yurtimizdagi kirdikorlari, “paxta ishi” degan tuhmat asosida xalqimizning or-nomusi oyoqosti qilinganini afsus va nadomat bilan yodga olinadi.

    Afsuski, vaqtida Qoraqalpogʻiston Respublikasining taraqqiyoti yoʻlida ulkan ishlarni amalga oshirgan Qallibek Kamolovning oʻzi ham ana shunday nohaqliklarning jabrini tortishga majbur boʻldi. Keyinchalik Qoraqalpogʻistonga rahbar etib tayinlangan kimsaning tinimsiz va tizimli “saʼy-harakatlari” oqibatida u Ruminiyadagi diplomatik lavozimidan muddatidan avval chaqirib olinib, uzoq yillik tergovlarga tortildi, bir necha yil davomida nohaq turmada oʻtirib, sud-tergovdan boshi chiqmadi. U ana shu yillarda yuz bergan haqsizliklarni oʻkinch bilan esga oladi.

    El-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov katta mardlik va adolat bilan ana shunday adolatsizliklarga uzil-kesil nuqta qoʻydi. Qallibek Kamolovga nisbatan ochilgan jinoyat ishiga ham uzil-kesil barham berilib, Oliy sud Plenumi qaror bilan u kishi toʻliq oqlandi, shaʼni va obroʻsi qayta tiklandi.

    Ana shu ogʻir va sinovli damlarda ham Qallibek Kamolov ruhan tushkunlikka tushmadi. Haqiqat va adolat qaror topishiga boʻlgan qatʼiy ishonch uni tark etmadi. Eng muhimi, har qanday tuhmat va malomatlar ham qoraqalpoq xalqining qalbida oʻzining sevikli farzandiga boʻlgan yuksak hurmatiga zarracha soya sola olmadi. Qallibek ogʻa oqlanib, sobiq tuzum markazidagi qamoqxonadan yorugʻ yuz bilan chiqib kelgan kun qoraqalpoq elida haqiqiy bayramga aylanib ketgani ham shundan dalolat beradi.

    Qallibek ogʻa ulkan hayotiy bilim va tajribaga ega oqsoqol sifatida mamlakatimizda bugungi kunda yuz berayotgan olamshumul oʻzgarishlarni ham teran tahlil qilib, ibratli fikr-mulohazalarini kitobxonlar eʼtiboriga havola qiladi.

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlarning hayotiy ahamiyatini ochib berish bilan birga, Oʻzbekistonning faol olib borayotgan ichki va tashqi siyosatiga yuksak baho beradi. Ayniqsa, yaqin qoʻshnilarimiz bilan yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro ishonch va hamjihatlikka asoslangan qardoshlik aloqalarining ahamiyati qay darajada yuqori ekaniga ahamiyat qaratadi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning “men oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining farzandiman” deya aytgan soʻzlari bizning xalqimizning qalbida katta gʻurur va iftixor tuygʻularini uygʻotdi”, deya yozadi muallif.

    Qallibek ogʻa oʻz asarida Orol dengizining qurishi va suv taqchilligi oqibatida yuzaga kelgan oʻta qiyin ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat oqibatlarini yumshatish masalasi muhtaram Prezidentimizning alohida diqqat markazida turganini chuqur qoniqish bilan qayd etadi. Atigi besh oy ichida Qoʻngʻirotdan Moʻynoqqa 101 kilometr masofaga vodoprovod tarmogʻi tortilgani, ovloq tumanga toza ob-hayot kirib borishi chinakam xalq shodiyonasiga aylanib ketganini minnatdorlik bilan tasvirlaydi.

    Nafaqat Moʻynoqda, balki Nukus shahri va butun respublikada zamonaviy va koʻrkam uy-joylar, ijtimoiy obyektlar qurilayotgani, yangi-yangi sanoat korxonalari barpo etilayotgani, koʻplab ish oʻrinlari yaratilayotgani, soʻnggi 4 yilda qoraqalpoq oʻlkasi ham tubdan koʻrkamlashib, obod boʻlib borayotganini alohida qayd etadi.

    Shuningdek, asarda qoraqalpogʻistonlik zahmatkash ayollar, ilgʻor yoshlarning faoliyatiga, til, adabiyot, ilm-fan, sogʻliqni saqlash sohalarini rivojlantirish borasidagi ezgu ishlar haqida ham atroflicha hikoya qilinadi.

    Qoraqalpogʻiston matbaachiligida dastlabki memuar, yaʼni yodnoma janridagi “El xizmatida” asarini mamlakatning qariyb yarim asrlik ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotini oʻzida batafsil va xolis aks ettirgan salmoqli ilmiy-tadqiqot ishi, deya baholash mumkin.

    Ana shu yillar davomida qoraqalpoq elining siyosiy, iqtisodiy taraqqiyoti, barcha tarmoqlarda yuz bergan rivojlanish bosqichlari hatto, uncha-muncha arxivlarda ham topilmaydigan noyob maʼlumotlar, aniq dadil va raqamlar orqali qalamga olinib, voqealarga bevosita guvoh boʻlgan rahbar tilidan chiroyli tarzda ochib beriladi.

    Qoʻli ochiq, dasturxoni yoziq qoraqalpoq elining farovonligi uchun oʻzining butun umrini bagʻishlagan, yurtini jonidan ham ortiq yaxshi koʻrgan, uzoq yillik zaxmatli mehnatlari natijasida sahro qoʻynida koʻrkam maskanlar barpo etgan obroʻli Qallibek Kamolov haqli ravishda oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining yuksak hurmatiga sazovor boʻlgan insonlardan biridir.

    Asarni oʻqir ekansiz, beixtiyor oʻzingizni oʻsha davrlarga tushib qolgandek his qilasiz. Muallifga xos kengfeʼllik, xolislik va samimiylik bilan yozilgan voqea-hodisalar manzarasi, tahliliy mushohada quvvati, oʻsha davrda yashagan shaxslarning qiyofasi koʻz oʻngingizda yaqqol namoyon boʻladi. Qiziqarli hayotiy voqealar sizga zavq bagʻishlaydi. Bu oʻrinda Qallibek oqsoqolning toʻgʻrisoʻzligiga, donishmandlarcha fikr yuritishi va kerak boʻlsa, ijodkorlik mahoratiga, soʻzni qoʻllash uslublariga tan berasiz.

    “El xizmatida” asari taniqli ijodkor, mohir dramaturg Gʻafur Shermuhammad tomonidan oʻzbek tiliga mahorat bilan tarjima qilingan. Eʼtiborli jihati, tarjimon kitobni oʻzbek tiliga oʻgirish jarayonida muallifning oʻziga xos ifoda uslubi, qoraqalpoq adabiy tilining nafosati va goʻzalligini saqlab qolib, oʻzbek tilida yana-da jilolantirishga muvaffaq boʻlgan. Bu oʻrinda uning qoraqalpoq adabiyoti namunalarini oʻzbekchalashtirish borasida orttirgan boy amaliy tajribasi qoʻl kelgani yaqqol seziladi.

    Falsafiy-psixologik tahlil va mulohazalarga boyligi, xalqona maqol va naqllardan oʻrinli foydalanilgani bois bu asar qoraqalpoq adabiyotining oltin xazinasidan joy olishi ham shubhasiz. Kitob kelgusida tarix, falsafa, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslik, jurnalistika, maʼnaviyat asoslari, qurilish va boshqa yoʻnalishlarda fundamental ilmiy qoʻllanma vazifasini oʻtashiga ham ishonchimiz komil.

    Chindan ham, mazkur kitob juda koʻplab sohalar boʻyicha noyob maʼlumotlarni oʻzida jamlagan qomusiy asar, taʼbir joiz boʻlsa, oʻquvchiga ulkan maʼnaviy ozuqa beradigan Hayot kitobidir.

    L.Rahmatov

    jurnalist