Kattaqoʻrgʻon tumaniga xizmat safariga borganimda chiqindidan daromad qilayotgan tadbirkor Gulmira Jumayeva haqida eshitib, suhbatlashish istagi paydo boʻldi.

- Koʻp yil xorijda ishlab, oila boqish maqsadida chiqindi saralash bilan shugʻullanganman, - deydi G.Jumayeva. – Dastlab oʻzim ham chiqindi saralagan boʻlsam, keyinchalik korxonada ish boshqaruvchi boʻlib ishladim. Yurtimizga qaytib kelgach, chiqindilarni poligonga olib borib, yoqib yuborishlarini yoki koʻmib tashlashlarini bilib, bu sohada ishlash haqida oʻylab qoldim. Chiqindidan ikkilamchi xomashyolarni saralab, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga qaror qildim. Bu sohada ishlayotgan tashkilotlarga borib uchradim, koʻpgina tadbirkorlar bilan suhbatlashdim. Biroq koʻpchiligi shu ish bilan shugʻullanishimga ishonmadi. “Ayol kishi ekan, qoʻlidan kelmaydi, bir-ikki oy ishlab, tashlab ketadi”, deb oʻylashdi. Lekin men tanlagan yoʻlimdan qaytmadim. Shu yoʻl orqali nafaqat oila boqishim, balki katta daromad topishimni bilardim.

Tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun Gulmira Jumayeva dastlab “Anvarjon biznes invest” MCHJ klasteri tashkil etib, davlat-xususiy sherikchilik asosida “Toza hudud” MCHJning Kattaqoʻrgʻon tumani boʻlimini xususiylashtirib oldi.

Oʻtgan yili tadbirkor Narpay va Paxtachi tumanlariga ham xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻydi. Hozirda “Anvarjon biznes” MCHJ korxonasining 40 ga yaqin yuk mashinalari Kattaqoʻrgʻon va Narpay tumani mahallalariga xizmat qilayotgan boʻlsa, klasterga qarashli yana bir “Mansurbek qoʻrgʻon-biznes” MCHJ korxonasi Paxtachi tumanidagi 59 mahalla bilan ishlaydi. Bu ishda unga turmush oʻrtogʻi va oʻgʻillaridan tashqari yana 300 ga yaqin ishchi koʻmak beryapti.

Xitoydan chiqindi tashuvchi, ortuvchi maxsus texnikalar, chiqindi yigʻish shoxobchalari, konteynerlar, qayta ishlash qurilmalari olib kelindi. Bu loyihalar uchun qariyb 17 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

- Shu vaqtgacha ish va oilam bilan oʻralashib, oʻqimagan edim, - deydi Gulmira Jumayeva. – Ayni paytda oliy maʼlumotli boʻlish istagida Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filialida sirtdan oʻqiyapman. Tadbirkorlikning nazariy jihatlarini ham oʻrganyapman.

Soʻzida sobit, jasoratli Gulmira Jumayeva chiqindidan milliardlab daromad qilmoqda. Yangi maxsus mashinalar, zamonaviy uskunalar xarid qilmoqda.

Dilmurod TOʻXTAYEV