Qamashi va Yakkabogʻ markazidan aylanib oʻtadigan 34 kilometrli yangi yoʻl quriladi

    Yigʻilishda yoʻl va infratuzilma masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” yoʻlining viloyatdan oʻtgan 100 kilometrini rekonstruksiya qilish hisobiga hududning tranzit salohiyatini 3 karra oshirish mumkin. Bu loyihaga Qarshi shahridagi yangi aylanma yoʻlning qolgan 13 kilometri ham qoʻshilsa, aholi eʼtiroziga sabab boʻlayotgan tirbandlik masalasi hal boʻladi. Mutasaddilarga bu borada kelgusi yildan amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

    Shuningdek, “Qarshi – Shahrisabz – Kitob” magistral yoʻlining 106 kilometrida rekonstruksiyani boshlab, 4 tasmagacha kengaytirish, Qamashi va Yakkabogʻ markazidan aylanib oʻtadigan 34 kilometrli yangi yoʻl qurilishini ham boshlash vazifasi qoʻyildi.

    Ushbu 106 kilometr yoʻlning ikki tomoniga kamida 1 millionta daraxt ekib, “yashil belbogʻ” barpo etish zarurligi qayd etildi.

    “Toshkent-Termiz” yoʻlining Qashqadaryo hududidan oʻtgan 60 kilometri ham 4 tasmali qilinib, sement-beton qoplamaga oʻtkaziladi. Joriy yilda bu yoʻlning 20 kilometrini qurib bitkazish topshirildi.

    Qashqadaryoda 3 ming kilometr tuproq qoplamali yoʻl bor. Mutasaddilar oldiga bu yoʻllarni toʻliq shagʻal qoplamaga oʻtkazishni boshlash vazifasi qoʻyildi. Viloyatdagi 9 ta koʻprikni toʻliq taʼmirlashga topshiriq berildi.