Qamchiq dovonida xavotirli harorat

    Yashil sayyora 1 Aprel 2021 514

    Gidrometeorologiya xizmati 1-2-aprelda Oʻzbekiston hududiga Qozogʻiston orqali gʻarbiy Sibirning janubiy hududlari ustida shakllangan sovuq havo massalari kirib kelishidan ogohlantirgan edi.

    Maʼlumotlarga koʻra, 1-2-aprelda respublika boʻyicha havo harorati pasayishi taʼkidlangan. Shuningdek, respublikaning togʻli hududlarida baʼzi joylarda qor yogʻib, tuman tushishi mumkinligi aytib oʻtilgan.

    Xususan, A-373 “Toshkent-Oʻsh” avtomobil yoʻlining “Qamchiq” dovoni qismida kecha kechasidan boshlab vaqti-vaqti bilan qor yogʻdi. Ushbu holat ayni paytda ham davom etmoqda. Hozirda dovonda kuchli shamol esmoqda va aksariyat joylarga tuman tushgan. Yoʻllarda koʻrish 400 metrni, havo harorati 8 daraja sovuqni tashkil qilmoqda.

    Tabiiyki kun sovuq boʻlib, qor yoqqanda yoʻllar muzlab, yaxmalak hosil boʻladi. Bu esa oʻz-oʻzidan avtotransport vositalarining xavfsiz harakatlanishiga salbiy taʼsir etadi. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tarkibidagi “Qamchiqavtoyoʻl” ixtisoslashtirilgan yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi yoʻlsozlari mazkur koʻngilsiz holatni bartaraf etish uchun tun boʻyi mehnat qilmoqda. “Qamchiq” dovoni yoʻllarini qordan tozalash ishlariga korxonaning 117 ta texnika va 340 ga yaqin ishchi-xizmatchi safarbar qilingan. Hozirda avtotransport vositalarining uzluksiz ikki tomonlama betoʻxtov harakatlanishi taʼminlangan.

    “Qamchiqavtoyoʻl” ixtisoslashtirilgan yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi barcha haydovchilardan oraliq masofani saqlab, ob-havo sharoitini inobatga olgan holda harakatlanishlarini soʻraydi.