Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati maʼlum qildi.

Avval xabar berilganidek, 16-yilga qamalgan mahbus qamoqdan qochib, joriy yilning 16-oktyabr kuni Ohangaron tumanida voyaga yetmagan qizga nisbatan jinoyat sodir etgan edi. Ushbu shaxs mahalliy aholi tomonidan qoʻlga olinib, tegishli idoralarga topshirilgandi. Soʻng unga nisbatan Jinoyat kodeksining 119 moddasi 4-qismi, (Jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi.

Oliy sud axborot xizmatining xabar berishicha, bugun jinoyat ishlari boʻyicha Ohangaron shahar sudida M. T. (1994-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan, muqaddam sudlangan)ga oid jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi.

Jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi talablariga muvofiq yopiq sud majlisida koʻrildi.

Sud hukmiga koʻra, M. T. 2016-yilda tugʻilgan voyaga yetmagan qizga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Sud unga 18-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasiga asosan u oʻta xavfli retsidivist deb topildi.

Hukmga muvofiq, M. T. jazo muddatining dastlabki ikki yilini turmada, qolgan qismini esa maxsus tartibli koloniyalarda oʻtaydi.