Turli hududlardagi oliy taʼlim muassasalari va nodavlat oʻquv markazlari, korxona va fermer xoʻjaliklari vakillari, yosh olim va sportchilarning fikr-mulohazalari tinglandi, takliflari koʻrib chiqildi.
«Bugungi kunda Vatanimiz oʻz taraqqiyotining yangi bir tarixiy bosqichiga qadam qoʻymoqda. Bu davrda oldimizda ilgari duch kelmagan murakkab vazifalar, gʻov va toʻsiqlar paydo boʻlishi tabiiy, albatta. Lekin qanchalik qiyin boʻlmasin, biz oldimizga qoʻygan ulkan maqsadlarga albatta yetamiz.
Chunki bizning olis va yaqin tarixda ne-ne sinovlardan oʻtgan, donishmand xalqimiz bor, bugun barcha soha va tarmoqlarda maydonga dadil chiqayotgan gʻayrat-shijoatli yoshlarimiz bor.
Sizlar bilan maslahat va muloqotni oʻz faoliyatimizda asosiy mezonlardan biri, deb bilamiz.
Sizlar ham bunday yuksak ishonchga munosib boʻlib, jonajon Vatanimizni har tomonlama rivojlangan, goʻzal va farovon mamlakatga, Uchinchi Renessans diyoriga aylantirishda oldingi saflarda boʻlasiz, deb ishonaman», — dedi Prezident soʻzining yakunida.