Аna shunday mahsulotlar roʻyxati va ularning tanaga taʼsiri xususida maʼlumot berildi.
Shakar va barcha shakarli mahsulotlar. Shirinxoʻrlar navbatdagi desert bilan oʻzlarini xursand qilayotganlarida organizmda glikatsiya jarayoni ishga tushadi va AGE va RAGE molekulalari toʻplana boshlaydi. Ular yigʻilgan joyda yalligʻlanish jarayoni doimiy ravishda saqlanib, organlarning normal ishlashi buziladi. Shu tarzda “yoshga doir” kasalliklar boshlanadi. Glyukoza oqsillar va lipidlar bilan bogʻlanadi, bu esa terining elastikligiga bevosita bogʻliq boʻlgan kollagenga halokatli taʼsir koʻrsatib, erta ajin tushishiga olib keladi.
Trans yogʻlar. Ularning asosiy manbalari — fastfud va margarin. Bu yogʻlar qarish jarayonini tezlashtiradi. Chunki ular qon tomirlarini toraytirib, uning oqimini buzadi. Oqibatda yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish xavfi sezilarli darajada ortadi.
Qahva va kofeinli ichimliklar (energetiklar). Kofeinning koʻp miqdori tana hujayralarining suvsizlanishiga, bu esa moddalar almashinuvining buzilishiga olib keladi. Energetiklarda kofeinning taʼsiri natriy bilan yanada koʻproq boʻladi. Terining erta qarishini oldini olish uchun har qahva ichganingizdan keyin albatta bir stakan suv ham ichish muhimdir. Energetik ichimliklardan esa butunlay voz kechgan afzal.
Spirtli ichimliklar. Ularni muntazam ichish jigarga jiddiy taʼsir qiladi. Chunki alkogol ushbu filtrlovchi organda toksinlar toʻplanishiga, bu esa organizmda yalligʻlanish jarayonlari boshlanishi va turli kasalliklarga olib keladi.
Oʻta shoʻr mahsulotlar (pishloq, pissa (ayniqsa pepperoni), chips, krekerlar). Tuz tanadagi suvni ushlab qoladi va bu hujayralarning qisqarishiga olib keladi. Natijada suvsizlanish yuzaga keladi. Bu esa, tabiiyki, qarish jarayonini tezlashtiradi.
Qayta ishlangan goʻsht (kolbasa, sosiska va bekon). Ushbu mahsulotlarda ortiqcha tuz va konservantlar mavjud. Ularni isteʼmol qilish suvsizlanishga olib keladi va yalligʻlanishni keltirib chiqaradi. Shuningdek, bu mahsulotlar sababli organizmda kollagen ishlab chiqarish uchun muhim boʻlgan S vitaminining miqdori kamayadi.
Qovurilgan kartoshka. U organizmda deyarli bir zumda shakarga parchalanadi. Bundan tashqari, yuqori haroratda yogʻda qovurilgan mahsulotlar erkin radikallarni chiqaradi. Oqibatda terining hujayra darajasida shikastlanish yuzaga keladi.
Shuningdek, bu roʻyxatga ustki qobigʻi och jigarrang boʻlguncha qovurilgan yoki pechda pishirilgan barcha taomlarni qoʻshish mumkin. Bu ishtaha ochar rang, yuqorida aytganimiz, glikatsiya jarayoniga bevosita bogʻliq, hattoki bu taomga shakar qoʻshilmagan boʻlsa ham.
Odatda uzoq va sogʻlom umr koʻrishni targʻib qiluvchi mutaxassislar tez qovurilgan yoki bugʻda pishirilgan taomlarni isteʼmol qilishni tavsiya qilishadi.