Qanday xatlangan mol-mulk baholash tashkiloti tomonidan baholanadi?

    Transport 8 May 2021 1027

    Bosh prokuratura va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining qarori bilan Davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Hujjat “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonun hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq qabul qilingan.

    Nizomga muvofiq, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish jarayonida realizatsiya qilinadigan, shu jumladan davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulk baholash obyekti hisoblanadi.

    Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni baholashning xususiyati Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi 200-son “Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilanadi.

    Mol-mulkni baholashni tashkil etish davlat ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.

    Belgilanishicha, davlat ijrochisi alohida koʻchar mol-mulkning shartnomaviy narxini faqat alohida olingan mol-mulkning qiymati BHMning 20 baravaridan, mol-mulkning jami qiymati esa BHMning 100 baravaridan oshmagan taqdirdagina, baholovchi tashkilotni jalb etmagan holda mustaqil belgilashi mumkin, avtomototransport vositalari bundan mustasno.

    Quyidagi mol-mulkni baholash uchun baholovchi tashkilot jalb qilinadi:

          • avtomototransport vositalari;
          • dastgoh va uskunalar hamda ishlab chiqarish liniyalari;
          • koʻchmas mulk;
          • fond birjasining rasmiy listingiga kiritilmagan va markazlashtirilgan tartibda kotirovka qilinmayotgan qimmatli qogʻozlar.

    Mol-mulk davlat ijrochisi tomonidan mustaqil baholanganda va mol-mulk baholovchi tashkilot tomonidan baholangan hollarda davlat ijrochisi tasdiqlangan shakllarga muvofiq alohida qarorlar chiqaradi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 5.05.2021-yildan kuchga kirdi.