— Koʻzga govmuchcha chiqishi nimaning alomati?
— Bu biror ichki kasallik, shamollash, qovoqlar yalligʻlanishi va gijja asorati boʻlishi mumkin. Bunday vaziyatda bolani pediatr, yuqumli kasalliklar shifokori va okulist koʻrigidan oʻtkazib, majmuaviy muolaja qilish kerak. Shuningdek, bolaning immunitetini oshirish uchun uni ratsional ovqatlantirish, jismonan chiniqtirish zarur.
— Qandli diabetning koʻrishga taʼsiri bormi?
— Ushbu kasallikka chalingan koʻplab bemorlar asosan endokrinolog koʻrigidan oʻtib, qand miqdorini meʼyorida saqlash bilan cheklanadi. Holbuki, qandli diabet ikkilamchi asoratlari bilan ham xatarlidir. Jumladan, uning taʼsirida koʻz kasalliklari kelib chiqishi mumkin. Buning oldini olish uchun bemorni yilda ikki marta okulist koʻrigiga yoʻllash maqsadga muvofiq.
— Zamonaviy oftalmologiya va koʻz mikroxirurgiyasining eng muhim yutuqlari nimalardan iborat? Ulardan amalda foydalanish samaralari va soha boʻyicha yangi rejalar haqida maʼlumot bersangiz.
— Zamonaviy oftalmologiya va koʻz mikroxirurgiyasi bugungi kunga kelib shu qadar rivojlandiki, natijada ilgari davolash mushkul boʻlgan koʻpgina kasalliklarni butunlay bartaraf etishga erishyapmiz. Katarakta xastaligining turli shakllarini choksiz fakoemulsifikatsiya usulida davolash, koʻz shoh pardasi xiralashganda keratoplastika operatsiyasi, qandli diabet, yurak qon-tomir kasalliklari tufayli kelib chiqqan toʻr parda va shishasimon tananing xastaliklarini lazer yordamida davolash boʻyicha yutuqlar bunga misoldir. Bunday ilgʻor operatsiyalarni bugungi kunda hududlarda ham joriy etish maqsadida joylarda amaliy ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.