Qandli diabetni ovoz orqali aniqlash texnologiyasi yaratildi

    Lyuksemburg sogʻliqni saqlash instituti olimlari bemorning 25 soniyalik ovoz yozuvlari orqali qandli diabetni aniqlash texnologiyasini ishlab chiqdi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Maʼlum boʻlishicha, tadqiqotda mazkur kasallikning 2-turi tashxisi qoʻyilgan va bu patologiya aniqlanmagan 607 nafar koʻngilli qatnashdi. Ularga 2-3 jumladan iborat matnlar oʻqitilib, 25 soniyalik audioyozuvlari qayd etildi.

    Shundan soʻng ovozlar diabetni aniqlashga moʻljallab yaratilgan sunʼiy intellekt modeliga yuklandi. Innovatsion dastur tadqiqot qatnashchilarining tovush balandligi, intensivligi, ohangi kabi 6000 tagacha ovoz xususiyatlarini soniyalar ichida tahlil qildi.

    Yakunda dasturiy algoritmlar qandli diabet bor-yoʻqligini erkaklarda 71 foiz, ayollarda esa 66 foiz toʻgʻri aniqlashga muvaffaq boʻldi.

    Tadqiqotchilar fikricha, kelgusida ushbu texnologiya yanada takomillashtirib boriladi. Shu tariqa sunʼiy intellekt qandli diabetni erta bosqichda, tezkor, tegishli qon tahlillari va boshqa tibbiy tekshiruvlarsiz aniqlash vositasiga aylanadi.