Qanisiz, olmosday yuragi bor yoshlar?

    Fikr 21 Sentabr 2023 1023

    Ba'zan onam “O'sha ijodkor bolalaringni topasan, meni topolmaysan”, derdi xafanamo.

    Farzandlarim, ayniqsa, qizim “Aba, ba'zida o'ta oshirib yuborasiz, ular bilan jigarday bo'lsak ham qizg'anaman sizni. Eh, ular kabi shogirdingiz bo'lganim yaxshimidi”, der edi kulib.

    Yigirma-o'ttiz yillar bo'ldi – ijodkor bolalar, yoshlar bilanman. Shuning uchun hozir havas qilishsa-da, bir paytlar “detsad”, deb ustimdan kulishgan. Men shijoatli, ijodkor bolalarni atrofimni to'ldirib yurishlari uchun sevmadim. Talaygina vaqtim ular yonida kechdi. Juda ko'plari bugun katta odam bo'lib ketdi. Ularga Vatan haqida, mehr-muhabbat, oqibat haqida kuyunib, yig'lab gapirdim... soatlab, kunlab, oylab. Birortasiga she'r yozishni o'rgatganim yo'q. Hatto orasida umuman she'r yozmay qo'yganlari bor. Ammo har birining olmosday yuragi, ya'ni o'z mustaqil fikri, shijoati bor.

    Kaminaga yaqin bo'lgan va bo'lmagan aziz bolalarimga quyidagilarni aytmoqchiman. Bir ona sifatida, ustoz va bir inson sifatida, albatta.

    Shu mushfiq ona Vatanimizning har qanday dardi va tashvishi sizning nigohingizda bo'lsin, yuragingizni qiynasin, deyman. Ayollar nomusi, oilalar sha'ni, insonning g'ururi, mehnati, sharafining qiymati siz singari o'tkir nigohli, jasoratli farzandlar himoyasida bo'lishi shart! Bizning vazifamiz davralarga chiqib, she'rxonlik uyushtirishdangina iborat emas, shu el-yurt farzandlari sifatida jipslashmog'imiz kerak. Mavjudligimizni bildirib, muammolarimiz, yutuq va kamchiliklarimiz to'g'risida o'z so'zimizni ayta olaylik. Biz tadbirlardagina qatnashib yurish uchun bor emasmiz. Zero, har birimiz alohida bir Vatan, O'zbekistonmiz!

    Odatda saylovlar xususida, ta'lim haqida, yana boshqa bir mavzuda shunchaki yozamiz-qo'yamiz. Kimdir xo'jako'rsinga kitob chop etib, bir-ikki tadbir ham o'tkazadi... Yana biri qaysidir loyiha uchun xonaga qamalib, erta-yu kech yozish bilan ovora. Davlatga, xalqqa naf keltirish faqat yozishdan iborat emas-da.

    Masalan, yirik loyihalar ustida jonkuyar bir necha shaffof guruh astoydil ishlasin. Buning uchun hukumatimiz ancha mablag' ajratyapti. Tinib-tinchimas yoshlarimizning zarur loyihalar bo'yicha maktab-bog'chalardan tortib, oliy ta'limgacha qadami yetsin, o'rgansin, tengdoshlari mulohazalarini tinglasin. Zero, har yurtning, hamma zamonning o'z fidoyilari bo'lishi lozim. Vatanni sevmoq, uning uchun jon kuydirmoq she'r va qo'shiqlarda emas, harakatlarimizda, amaliy ishlarimizda ham namoyon bo'lishi darkor. Mamlakat ravnaqi yo'lidagi kurashda deputatlar, vazirlar, hokimlar, boshqarmalar rahbarlarigagina suyanib qolmaylik.

    Kelajagimiz bunyodkorlari, tayanchi, ishonchi bo'lgan bilimli, zukko, keng dunyoqarashga ega yoshlarimiz talaygina. Lekin ularning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligi, pozitsiyasi, gap-so'zi ba'zan ijtimoiy tarmoqlardagi turli maza-matrasiz lavhalariday taassurot uyg'otadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ma'nili post qo'yadigan, xatosiz matn yoza oladigan, toza fikrlaydigan vatanparvar yigit-qizlar ko'rinish bermayapti. Har jabhada mansab-martabaning emas, ilm etagini mahkam tutgan yosh avlod ishtirokini, intilishlarining samarasini ko'rishni xohlaymiz.

    Yoshlik – g'ayrat-shijoat, jur'at davri. Eng zo'r g'oyalar, buyuk ixtirolar, taraqqiyotni olg'a yuritadigan tashabbus-u kashfiyotlar yoshlikka xos. Shunday ekan, qayerdasiz, qanisiz, olmosday yuragi bor yoshlar? Sizga Vatan muntazir, sizga yorqin istiqbol mushtoq. Yangi O'zbekiston sizga barcha sharoit-u imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Siz bundan unumli foydalaning!

    Dilorom ERGASHEVA,

    shoira, “Do'stlik” ordeni sohibasi