Turkiy davlatlar kecha yoki bugun paydo boʻlib qolgani yoʻq. Ular chuqur va mustahkam tarixiy ildizlarga ega. Jahon sivilizatsiyasida hal qiluvchi ahamiyat kasb etib, fan, taʼlim, savdo-sotiq rivojiga munosib hissa qoʻshgan. Muayyan sabablarga koʻra, bu davlatlarning oʻzaro salohiyat va kuch-qudratini birlashtirish muddati bir oz choʻzildi. Biroq etnik xususiyatlar, til, maʼnaviyat, madaniyat va qadriyatlar mushtarakligi turkiy mamlakatlarning jipslashuvi uchun qulay sharoitni yuzaga keltirdi.

Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand shahrida oʻtkazilgan sammiti dunyoda kuzatilayotgan murakkab vaziyatda ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy aloqalarni yuqori bosqichga koʻtarish uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. Shu kungacha tashkilot Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sifatida faoliyat olib borgan boʻlib, yangi nomda yangicha qarashlar, gʻoya va dasturlar bilan jahon sahniga chiqdi.

Tashkilot oʻtgan davrda savdo-sotiq, sanoat, ishlab chiqarish va investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, taʼlim hamda madaniyat sohalaridagi koʻp qirrali munosabatlarni kengaytira oldi. Jumladan, birgina 2020-yilda aʼzo davlatlarning jami importi 420 milliard, oʻzaro ayirboshlash hajmi 21 milliard dollarni tashkil etgani iqtisodiy aloqalarning roli oshib borayotganini koʻrsatadi.

Savdo-iqtisodiy masalalarni birgalikda hal etish uchun turkiy tilli davlatlar imkoniyatlarini birlashtirish boʻyicha katta salohiyat mavjud. Bu salmoqli yalpi ichki mahsulotga ega tashkilot makonida oʻzbek mahsulotlari eksporti uchun istiqbolli bozor mavjudligidan dalolat beradi. Buni oxirgi yillarda aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik kun tartibidagi muhim masalaga aylanib borayotganidan ham bilsa boʻladi.

Shunga hamohang tarzda tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi tovar aylanmasi yildan-yilga ortib boryapti. Tinchlik, barqarorlik tufayli chegaralar ochiqligi, oʻzaro erkin savdo-sotiq va demokratik shaffof islohotlar bois, soʻnggi yillarda yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar soni koʻpaymoqda.

Islom dini taraqqiyoti va ilmu urfoniga benazir hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz Abu Iso Muhammad Termiziy, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshbandiy va Mirzo Ulugʻbek kabi tabarruk zotlar ziyoratgohlari musulmon oʻlkalardan qadam ranjida qilgan sayyohlar bilan gavjum boʻlayotir. Ular orasida turkiy xalqlar katta koʻrsatkich bilan birinchi oʻrinni egallagani oʻzaro ishonch, mehr-oqibat, qadriyatlarimizga hurmat-ehtirom yuksakligini koʻrsatadi.

Turizm jabhasi koʻzga koʻrinmas katta iqtisodiy yoʻnalish boʻlib, mintaqada oʻtgan davrda turizmni yanada rivojlantirish uchun “Boku — Tbilisi — Kars” temir yoʻli boʻylab qatnovni yoʻlga qoʻyish tashabbusi ilgari surilgani mintaqaviy turizmni ommalashtirib, Oʻzbekiston uchun ham samarali iqtisodiy omillarni yaratadi. Bunday milliy anʼanalar va bordikeldi urflari mushtarak makonimizda oʻsib kelayotgan yoshlar qatlami turkiy qadriyatlar ruhida tarbiyalanishiga xizmat qiladi.

Turkiy davlatlar yoshlari bugun olayotgan tarbiyasi, katta avloddan oʻzlashtirayotgan tajribasi natijasida kelgusida mamlakat boshqaruvida faoliyat yuritganda bir-birini himoya qilishga, iqtisodiy hamkorlik sohasida qoʻllab-quvvatlashga va oʻzligini unutmaslikka intiladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yillar sinovidan oʻtib kelayotgan doʻstlik va hamkorlik asosiga qurilgan tashkilot sammiti aʼzo davlatlarning mushtarak maqsadi va uzoq muddatli istiqbolli rejalari tasdigʻi sifatida koʻtarinki ruhda oʻtdi.

Bunday keng koʻlamli iqtisodiy munosabatlar, avvalo, dengiz bandargohlari sari yoʻl, Markaziy Osiyoda yangi transport va energetika yoʻlaklarini ochish, barqaror xavfsizlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashga katta imkoniyat yaratadi. Aʼzo davlatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish borasidagi bu muhim qadam tashkilotning iqtisodiy-siyosiy mustaqilligini anglatadi.

Binobarin, sammitda qoʻshni Afgʻonistondagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga koʻmaklashish va hududni dengiz bandargohlariga chiqish uchun ishonchli koridorga aylantirish zarurligi dolzarb masala sifatida koʻtarildi. Yechim sifatida qoʻshni davlatda temir yoʻl transporti qatnovi bilan bogʻliq ishlarni yanada jadallashtirish va yakuniga yetkazish lozimligi ham taʼkidlandi.

Globallashuv sharoitida atrof-muhit muammolarini oʻz vaqtida hal etish, ayniqsa, kelgusi avlodni musaffo havo, chuchuk suv va sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash mexanizmlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq institutsional yondashuvlar ilgari surildi. Ming-minglab aholining hayotdan roziligini taʼminlash uchun doimiy ish oʻrinlari tashkil etish, qashshoqlikka barham berish, kambagʻallikni ikki barobar qisqartirish borasidagi takliflar oʻrganilib, qabul qilindi.

Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti doirasida oʻndan ortiq muhim hujjatlar imzolanib, tashkilotning transport sohasidagi dasturi, soddalashtirilgan bojxona yoʻlaklarini shakllantirish toʻgʻrisidagi bitim va savdo strategiyasi boʻyicha kelishuvlar imzolandi. Tashkilotning 2022–2026-yillarga moʻljallangan strategiyasi imzolangani mintaqaning yaqin istiqboldagi iqtisodiy taraqqiyotini kafolatlaydi.

Sammitning asosiy hujjati — Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingani va davlatimiz rahbarining 2023-yilni Turkiy sivilizatsiya yuksalishi yili deb eʼlon qilish haqidagi taklifi aʼzo davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllabquvvatlangani tarixiy hodisadir. Qoʻshnichilik anʼanalariga rioya etish xalqimiz turmush tarzida doim muhim oʻrin tutib kelgan.

Sammitda tashkilotning navbatdagi sammitiga keyingi yilda Qozogʻiston tomonining mezbonlik qilish taklifi ittifoqdoshlarning bu tuzilmaga nechogʻliq hurmat bilan yondashayotgani va oʻz kelajagini mehr-oqibatga tayangan munosabatlarda koʻrayotganidan darak beradi. Sammitda koʻp vektorli iqtisodiy aloqalarni yanada integratsiyalashtirish maqsadida Turkiy davlatlar tashkilotining Investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etish boʻyicha oʻzaro kelishuvga kelingani qabul qilingan hujjatlar ijrosi yoʻlidagi muhim amaliy qadamdir.

Bunday odimlar mamlakatlarda tatbiq qilinayotgan raqamli iqtisodiyot islohotlariga uygʻun holda, aʼzo davlatlar uchun savdo-iqtisodiy hamkorlikka toʻsiq boʻlayotgan turli cheklovlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Yangi Oʻzbekistonning koʻp vektorli tashqi siyosatida qoʻl keladigan qardoshlar tuzilmasining istiqbolda mintaqani hech kimga iqtisodiy-siyosiy qaram qilmaslik va tashqi siyosatda muvozanatni saqlash borasidagi pozitsiyasi muhim ahamiyatga ega.

Davlatimiz faqat muayyan rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda cheklanib qolmaydi, aksincha, etnoiqtisodiy tutash va qudratga toʻlayotgan yangi siyosiy, iqtisodiy birlashma bilan ham diplomatik munosabatni mustahkamlash, tengsheriklik missiyasidan ogʻishmaydi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Shu bois, Oʻzbekiston tomoni sammitda ilgari surgan asosiy muhim yoʻnalish iqtisodiyot, transchegaraviy sohalarni taraqqiy ettirish boʻlib, bu yondashuv tashkilot aʼzolari uchun ham strategik faoliyatni oydinlashtirishda alohida ahamiyat kasb etadi.

Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yangicha hamkorlik pozitsiyasiga ega boʻlib, nafaqat xalqimiz, balki qardosh xalqlarning ham turmush tarzi farovonligi va ravnaqiga xizmat qilishi kutilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, mazkur sammitda Oʻzbekiston savdo-iqtisodiy sohalarni integratsiyalashtirish, fan va taʼlim sifatini tubdan yaxshilash, kadrlar tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish, raqamli texnologiyalarni hayotga keng tatbiq qilish hamda transport-logistika, kommunikatsiyalar, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish borasida samarali kelishuvlarga erishdi.