Qarshi davlat universiteti yurtimizning janubiy vohasidagi eng yirik, nufuzli oliy ta'lim maskani hisoblanadi. 2022/2023-o'quv yilida 54 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishlari va 39 ta magistratura mutaxassisliklarida 24431 nafar talabalar tahsil olmoqda yoki so'nggi uch yilda universitet talabalar kontingenti qariyb 3,7 martaga oshdi.
Universitetda 600 o'ringa mo'ljallangan yangi 8-talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Talabalar turar joyining qurilish ishlari uchun universitetning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan 18 milliard 285 million so'm ajratilib, barpo etildi.
Zamonaviy loyiha asosida qad rostlagan talabalar turar joyi 2 milliard 419 million 668 ming so'mlik mebel` jihozlari, muzlatkich, kir yuvish mashinalari, elektr plitalar, televizorlar va barcha zaruriy ashyolar bilan jihozlandi. Qisqa muddat ichida barpo etilgan ko'rkam yotoqxonada talabalar bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishi, maroqli dam olishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy axborot texnologiyalari, yuqori tezlikdagi ishlaydigan Wi-Fi qurilmalari, barcha kerakli adabiyotlar bilan ta'minlangan o'quv zallari, kir yuvish va dazmollash xonalari, dushxona, yuvinish xonasi, oshxona hamda dam olish xonalari mavjud.
2021-yilda Qarshi davlat universitetida mavjud 7 ta talabalar turar joyining umumiy quvvati 1057 o'ringa ega bo'lib, umumiy ehtiyojning atigi 33 % ta'minlangan edi. So'nggi bir yil davomida talaba-yoshlarga munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida hududda keng ko'lamda qurilish-ta'mirlash ishlari olib borildi. Jumladan, sobiq Pedagogika kolleji va 4-akademik litseyga tegishli 2 ta tashlandiq bino universitet tasarrufiga olinib, 770 o'rinli 2 ta talabalar turar joyiga aylantirildi. SHuningdek, 2021 yilda talabalar turar joyidagi mavjud yashash xonalari ikki yarusli krovatlar bilan jihozlanishi natijasida 9 ta talabalar turar joyida jami 2438 ta o'rin tashkil etilib, bu umumiy extiyojning 83 % i qamrab oldi. Bugun mazkur zamonaviy talabalar turar joyining yangitdan qurib foydalanishga topshirilishi natijasida talabalar turar joylari soni 10 taga etdi va jami 3038 o'rin yaratildi.
Natijada respublikamizdagi oliy ta'lim muassasalari ichida birinchilardan bo'lib, Qarshi davlat universitetida talabalarni yotoqxona bilan qamrab olish darajasi 100 % ga etdi. Kelgusida yilda oliy ta'lim muassasasi jamoasi va talabalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangitdan 1000 o'rinli zamonaviy o'quv binosi foydalanishga topshiriladi. Ayni damda ushbu inshootda qurilish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.