Qarish jarayonini sekinlashtirish uchun qanday ovqatlanish kerak?

    Ovqatlanish ratsionini tuzishga jiddiy eʼtibor berish orqali qarilik va u bilan bogʻliq noxush oqibatlarni, masalan, ajin tushishini ancha kechiktirish mumkin. Bunda nafaqat mahsulotlar tanlovi, balki ularni qanday tanovul qilishni ham bilish muhim.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlumot berdi.

    Tabiiy va “haqiqiy” mahsulotlarni tanlang. Avvalo, ishlab chiqarish jarayonida vitamin va ozuqa moddalarining koʻp qismi olib tashlangan, ammo toksinlar va yashirin shakar bilan toʻldirilgan qayta ishlangan mahsulotlardan saqlaning. Yarim tayyor mahsulotlar oʻrniga qoramol, baliq, parranda goʻshti, sabzavot, meva va yongʻoqlarni sotib oling.

    Taomni kamroq, ammo sekin tanovul qiling. Kaloriyalarni cheklash hayotni uzaytirishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Sekin ovqatlanish ozuqa moddalarining yaxshiroq soʻrilishiga va yaxshi hazm boʻlishiga yordam beradi, shuningdek, immunitetni himoya qilish uchun juda muhim boʻlgan ichak florasi muvozanatini ham taʼminlaydi.

    Meva-sabzavotlar sogʻlom ovqatlanishning asosidir. Ular tanamizga qarishning baʼzi taʼsiriga qarshi kurashadigan probiotik va antioksidantlarni yetkazib beradi. Garchi koʻpchilik meva-sabzavotlarning afzalliklari haqida yaxshi bilsa-da, odatda dasturxonimizda bunday neʼmatlar yetarli boʻlmaydi. Ularning oʻrniga koʻproq stolimizda goʻsht yoki qayta ishlangan mahsulotlar turadi.

    Ratsioningizda koʻkat va ziravorlar ham boʻlsin. Xushboʻy ziravorlar antioksidant, ovqat hazm qilish, dezinfeksiyalash, glikatsiya hamda yalligʻlanishga qarshi kurashish va boshqa foydali xususiyatlarga ega. Ayniqsa zarchava (kurkuma), dolchin, rayhon, zanjabil, sarimsoq, bibariya (rozmarin), kashnich, kardamon, zira va xantal foydali. Ular nafaqat taomnomangizni xilma-xil qiladi, balki yoshlikni saqlashga yordam beradi.

    Qoramol, baliq va parranda goʻshtini kamroq, lekin sifatlisini tanovul qiling. Mustahkam salomatlik va tetiklik uchun har kilogramm vaznga atigi 0,8-1 gramm hayvon oqsili kerak. Umuman olganda, bu kuniga bir marta qoramol, baliq yoki parranda goʻshti yeyish degani. Asosiysi — tarkibida gormonlar va antibiotiklar boʻlmagan sifatli mahsulotlarni topa olish. Qarishga qarshi parhezning asosiy ulushini oʻsimlik mahsulotlari (sabzavotlar, donlar, yongʻoqlar) tashkil qilishi muhim, ularda ham oqsil mavjud.

    Yosh koʻrinish va oʻzingizni ancha baquvvat his qilish uchun nafaqat taomnomangizni muvozanatlashingiz, balki uyqu rejimini tartibga keltirishingiz, shuningdek, muntazam jismoniy faollikni ham odat qilishingiz zarur. Aks holda, hech qanday “yashartiruvchi olma” ish bermaydi.