Qarishni tezlashtiruvchi kutilmagan omil

    O'smirlarning ota va do'stlari bilan tortishuvlari, janjallari ularning biologik qarishini tezlashtiradi.

    O'smirlik chog'ida ota bilan nizolar va o'rtoqlar bilan adovatli muomalada bo'lish odamning biologik qarishini kuchaytiradi, degan xulosaga keldi Virginiya universiteti (AQSh) psixiologlari.

    17 yil davom etgan va 123 o'smirni o'z ichiga olgan tadqiqot natijalari shuni ko'rsatdiki, taxminan 13-20 yoshlar oralig'ida otasi bilan tez-tez ziddiyatga borgan va yaqin o'rtoqlarga nisbatan tajovvuzkorona munosabatda bo'lganlar 30 yosh atrofidayoq biologik jihatdan “qari” ko'rinish oladi, deb xabar berdi lenta.ru.

    Organizm holatini baholash uchun olimlar undagi xolestrin, qon bosimi, qand miqdori, yallig'lanish belgilari hamda uzoq umr ko'rish va kasallikka chalinish xavfini nisbatan aniq bashorat qilishga imkon beradigan oqsil darajasini o'z ichiga oluvchi kompleks ko'rsatkichlardan foydalanishdi. Bunda o'zaro nizolar, ayniqsa ota bilan kelishmovchiliklar fiziologik qarishni tezlashtirish bilan ko'proq bog'liq deb baholangan.

    Tadqiqot muallifi, professor Jozef Allen ta'kidlashicha, ota bilan nizolashishni o'smir onasi bilan tortishishga qaraganda nisbatan alamli, qahrli qabul qiladi. Bu esa stressni kuchaytiradi, uning yurak-qon tomir va immun tizimiga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Aslida 20 yoshlarda ham o'rtoqlar, do'stlar bilan yovqarash munosabatda bo'lish yillar o'tib inson qiyofasida qarishning biologik belgilari bo'rtib qolishiga sabab bo'ladi.

    Olimlar shunga urg'u beradiki, o'smirlik davrida boshqalar bilan og'ir muomala-munosabatda bo'lish shunchaki hissiy muammogina emas, uzoq davr sog'lom bo'lishga xavf solish borasida muhim signal sanaladi. Sog'lom oilaviy va do'stona muhit shakllanishi fiziologik erta qarishning oldini olishga qaraganda muhimroq ahamiyat kasb etadi. Ilgari ma'lum bo'lgandiki, hatto me'yoridagi o'rtacha qon bosimining tez-tez tushib ketishi ham miya degeneratsiyasini (faoliyati) buzilishini tezlashtirishi mumkin.