Poytaxtimiz markazida soʻlim, bahavo, fayzli bir maskan bor. Hovliga kirishingiz bilan tabiatning ne-ne sinovlaridan omon oʻtgan qadim chinorlar, koʻhna tutlarga koʻzingiz tushadi. Yam-yashil maysazor boʻylab betakror oʻymakorlik sanʼatini namoyish etib turgan milliy shiypon-soʻrilar, gullar, mevali va manzarali daraxtlar salobatli sokinlik ramziday koʻnglingizga ajib xotirjamlik baxsh etadi.
Turli sohalarda uzoq yillar el-yurtimiz xizmatini qilgan, hayot sinovlarida toblangan, ulugʻ yoshida ham jamiyatimizning ijtimoiy-maʼnaviy muhitini barqarorlashtirish yoʻlida mehnat qilayotgan tabarruk keksalarimizning qadami uzilmaydigan bu dargoh — “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi hovlisining fayzu barakoti oʻzgacha.
Bu yerga tashrif buyurayotgan nuroniylar bilan suhbatlashsangiz, beixtiyor bolalik xotiralaringiz uygʻonadi. Sizni dunyoning eng katta quvonchi deb bilgan va mehrini tutib begʻubor bolalik bayramlarini hadya qilgan bobo-buvilaringiz esga tushaveradi.
Olmazor tumani “Nuroniylar jamoatchilik kengashi” faoli, texnika fanlari nomzodi, muhandis-gidrolog, Toshkent davlat transport universiteti talabalariga saboq berib kelayotgan 78 yoshli Abduqahhor Toʻlaganov ham bu dargohga tez-tez kelib turadi.
— Nevaralar tarbiyasida bobo va buvilarning oʻrnini hech narsa bilan almashtirib boʻlmaydi, — deydi Abduqahhor Toʻlaganov — Turmush oʻrtogʻim, iqtisod fanlari nomzodi Shahlo Toʻlaganova bilan bir oʻgʻil, uch qizni voyaga yetqazdik. 12 nevara va 10 nafar evaraning bobo-buvisi boʻlishdek saodatga erishdik. Aslida biz farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasi uchun hamma imkoniyatlarni ishga soladigan xalqmiz. Nevaralarimni oʻzim bogʻchaga olib borardim. Hali tili chiqmasdan sheʼrlar aytib berardim, koʻp oʻtmay ularning oʻzlari ham sheʼr yodlay boshlashgan. Oʻsha paytda bolalar uchun oʻzbek tilida yaxshi sheʼrlar juda kam edi. Nevaralarim qiziqadigan mavzularda oʻzim sheʼrlar yoza boshladim. “Sen va men”, “Nabiramga sheʼr”, “Bolajonlarim — shirintoylarim” kabi sheʼriy toʻplamlarim chop etildi. Har yakshanba nevaralarim uyimizni toʻldirishadi. Har bir uchrashuvimiz diydor bayramiga aylanib ketadi. Mana bugun buvisi bilan ularning yutuqlarini koʻrib quvonib yashayapmiz.
“Ikki til va bir hunar”
— Mamlakatimizda nuroniylarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning jamiyatimiz hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash, salomatligini asrash va hayotdan rozi boʻlib yashashlari uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlar davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Oʻzbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi tizimli ishlarni yana bir pogʻona yuqoriga koʻtardi. Keksa avlod vakillarining jamiyatimiz hayotida, yoshlarni ertangi kunning munosib vorislari etib tarbiyalashda, mahallalar va oilalarda tinchlik-totuvlik muhitini shakllantirishda oʻrni va nufuzi tobora mustahkamlanmoqda.
Bunday eʼtibor, eʼzoz va gʻamxoʻrlikdan ruhlangan yoshi ulugʻ otaxon va onaxonlarimizning kayfiyati, gʻayrat-shijoati oʻzgacha. Oʻgʻil-qizlarini el-yurt koriga kamarbasta qilib oʻstirgan, endilikda nevara-chevaralarining baxtu kamolini tilab yashayotgan “Nuroniylar jamoatchilik kengashlari”, “Keksalar maslahati” guruhlari faollari mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga, oʻzlari yashayotgan hududlardagi yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishlariga, ularni kasb-hunarga yoʻnaltirishga katta hissa qoʻshib kelishyapti.
Rohila Salohiddinova Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanidagi 33-IDUMning 9-sinfida tahsil oladi. Mubina Arabjonova ham shu maskanning 7-sinfida oʻqiydi. Ayni payda maktablarda “Ikki til va bir hunar” tamoyili bilan xayrli ishlar boshlandi.
Tuman davlat va jamoat tashkilotlari, “Nuroniylar jamoatchilik kengashi”, “Keksalar maslahati” guruhi yordamida bu ikki qiz oʻqish-oʻrganish bilan birga hunarmandchilik bilan ham shugʻullanishmoqda. Rohila Salohiddinova yaratayotgan qoʻgʻirchoqlarga va Mubina Arabjonova yasayotgan gullarga talab katta.
— Mahallamizdagi “Keksalar maslahati guruhi” faollarining yordami bilan onam ikkovimiz kredit olib, qoʻgʻirchoqlar tikish bilan shugʻullana boshladik. Hunarmandchilikda baraka bor ekan. Har oyda 8 million soʻm atrofida daromad qilyapmiz. Oʻqishdan boʻsh vaqtimda manfaatli hunar bilan shugʻullanayotganimdan xursandman, — deydi Rohila.
Danagidan magʻizi shirin
Mubina Arabjonova ham oʻqish-izlanish bilan birga, hunari ortidan har oyda 7–8 million soʻmga yaqin daromad olayotganidan mamnun.
Yoshlar tarbiyasida, oilalar va mahallalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashda “Nuroniy” jamgʻarmasi huzurida faoliyat olib borayotgan “Buvijonlar maktabi” jamoat tuzilmasi faollarining ham alohida oʻrni bor. Uzoq yillar xalq salomatligi yoʻlida mehnat qilgan Gulbahor Husainova “Nuroniy” jamgʻarmasi Samarqand shahar boʻlimida “Buvijonlar maktabi” jamoat tuzilmasini boshqarib kelmoqda.
— Notinch oilaga kirib borilganda shu xonadonda nechta voyaga yetmagan bola boʻlsa, oiladagi vaziyat ularning ruhiyatiga, oʻqish va oʻzlashtirishiga, qiziqish va izlanishlariga qanday taʼsir koʻrsatayotganini oʻrganamiz. Notinchlikning tub ildizini izlaymiz, — deydi Gulbahor opa.
— Xonadon kattalarining aralashuvi, qaynonalarning salbiy yoki ijobiy taʼsiri oilada qanday muhitni shakllantirayotganiga eʼtibor qaratamiz. Bugungi kunda “Nuroniy” jamgʻarmasi davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda maktabgacha va maktab taʼlimi maskanlarida oʻgʻil-qizlarimizning oʻqish-oʻzlashtirishdagi yutuqlari bilan tanishib boryapmiz. Oiladagi notinchlikning bolalar ruhiyatiga, ularning shaxs sifatida shakllanishiga salbiy taʼsiri haqida xonadon kattalariga tushuntiramiz. Xalqimizda “Danagidan magʻzi shirin”, degan gap bejiz aytilmagan. Nabiralarining kelajagi haqida gap borar ekan, koʻpchilik qaynonalar oilasidagi vaziyatni toʻgʻri yoʻlga solishga harakat qilishadi. Chunki ular jondan aziz nabiralarining ilmli, kasb-hunarli, yetuk inson boʻlishini istaydi.
Har bir oilaning oʻziga xos anʼana va qadriyatlari bor. Shuning uchun xonadonlarda oʻzaro xushmuomala boʻlish, oila aʼzolarining gap-soʻzlarini bir-biriga chiroyli qilib yetkazish, xonadon sirini tashqariga chiqarmaslik juda muhim.
Aytaylik, oilada maishiy yoki salomatlik bilan bogʻliq muammolar boʻlsa, mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilib, muammolarni bartaraf etish choralarini izlaymiz va muammo hal boʻlmaguncha nazoratimizga olamiz. Shuning uchun ham mahallalarda buvijonlarimizga boʻlgan ishonch tobora ortib borayapti.
Bu biz uchun katta yutuq. Ayni paytda xalqimiz yoshlarni munosib tarbiyalashda, oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashda biz nuroniylardan mana shunday samarali natijalarni kutyapti.
Katta oila sardori
Dehqonobod tumanining “Aerodrom” mahallasida yashovchi 70 yoshni qarshilayotgan Abdujabbor bobo Begmatov katta oilaning sardori. Otaxon turmush oʻrtogʻi Oʻgʻiloy aya Berdiyeva bilan farzand va nabiralariga maslahatgoʻy.
— Oilamiz tinch, xonadonlarimiz obod, nevaralarimiz baxtli, biz nuroniylarga bundan ortiq saodat bormi?! “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi tomonidan mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari mahallalardan endi xonadonlarimizga ham koʻchmoqda. Nevaralarimiz bilan har galgi uchrashuvlarimiz maʼrifiy suhbatga aylanadi, — deydi Abdujabbor ota.
Ular 4 nafar farzandini el-yurt koriga kamarbasta qilib kamolga yetkazishdi. Oilaning suyukli nabiralari Abdujabbor ota xonadoniga jam boʻlishganida xonadon fayzga toʻladi. Ularning oʻgitlari nabiralari tarbiyasi uchun dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Har birimizning bobo va buvilarimiz bilan bogʻliq goʻzal xotiralarimiz bor. Bizni “onam”lab, “otam”lab erkalagan bobolarimiz, buvilarimiz bilan diydorlashgan kunimiz bolalik bayramlariga aylanib ketardi. Bugun ham ana shu anʼana davom etayotgani quvonarli. Bolajonlar “katta hovli”, “katta uylari”ga — bobo-buvilari bagʻriga mehr-sogʻinch bilan intilishmoqda. Buvijon va bobojonlarning uylari, mehr toʻla bagʻirlari nevaralar uchun Vatan ichidagi koʻngil tortar shodlik maskani, tarbiya oʻchogʻidir. Bobolar, buvilarning mehri bilan yorishgan bu maskanlarda bolalik bayramlari davom etaveradi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.
Hamroxon MUSURMONOVA,
jurnalist