Qariyb 3 milliard soʻmlik matolarni bojxona toʻlovlarisiz olib kirishga urinish fosh etildi

    Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari respublikamizga yirik miqdordagi toʻqimachilik matolarini bojxona toʻlovlarisiz olib kirishga boʻlgan urinishlarning oldini oldi.

    “Ark buloq” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida aniqlangan dastlabki holatda poytaxtimizdagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga keltirilgan 106 ming m.kv. oʻlchamdagi matolar bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Natijada, ushbu tovarlarga tegishli kodlar qarang-ki, bojxona yuk deklaratsiyasida notoʻgʻri qayd etilgani aniqlandi. Shu tariqa qiymati 2 mlrd 128 mln soʻmlik matolarni imtiyoz asosida yaʼni bojxona toʻlovlarisiz olib kirishga boʻlgan urinishning oldi olindi.

    Mazkur postda aniqlangan xuddi shunday yana bir holatda ham bojxona yuk deklaratsiyasida tovar kodini notoʻgʻri tasniflash orqali qiymati 784 mln soʻmlik salkam 13 tonna matolarni bojxona toʻlovlarisiz olib kirishga boʻlgan urinishning oldi olindi.

    Eslatib oʻtamiz, poytaxt bojxonachilari joriy yilda aniqlangan 4,4 mingdan ziyod bojxona qonunbuzilish holatlarida qiymati 141 mlrd. soʻmdan oshiq boʻlgan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy olib oʻtilishiga chek qoʻyishgan.

    Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.