DXX Navoiy viloyati boʻyicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan Navoiy shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida yashovchi, 1996-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.
Natijada avtomashina yukxonasida 100.000 soʻmlik banknotlardan iborat 221 mln. 100 ming soʻm miqdoridagi qalbaki pullar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning jinoiy sheriklari boʻlgan Navoiy va Buxoro viloyatlarida yashovchi 5 nafar shaxs ham qoʻlga olindi hamda ulardan jami 139 mln. 800 ming soʻm miqdoridagi qalbaki pullar oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida umumiy qiymati 360 mln. 900 ming soʻm boʻlgan qalbaki pullarning muomalaga chiqarilishiga chek qoʻyildi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.