Qariyb 80 mln. Rossiya rublini Qirgʻiz Respublikasiga noqonuniy oʻtkazmoqchi boʻlgan shaxs 5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi

    Mazkur shaxs ushbu valyuta qimmatliklarini chegaradan oʻtkazib berishi evaziga maʼlum miqdorda xizmat haqi olishi kerak boʻlgan va bunday noqonuniy harakatni muqaddam 4 marotaba amalga oshirgan.

    2023-yilning dekabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Qirgʻiz Respublikasining Jalolobod viloyati Ola-buqa tumani bilan chegaradosh boʻlgan Namangan viloyatining Yangiqoʻrgʻon tumani hududidan oʻtuvchi “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasi tomon harakatlangan Namangan shahrida yashovchi, 1990-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatilib koʻzdan kechirilganida, uning salonida 3 dona polietilen qoplarga joylashtirilgan jami 79 mln. 994 ming 900 Rossiya rubli borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan edi.

    Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs ushbu valyuta qimmatliklarini chegaradan oʻtkazib berishi evaziga maʼlum miqdorda xizmat haqi olishi kerak boʻlgan va bunday noqonuniy harakatni muqaddam 4 marotaba amalga oshirgan.

    Holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Yangiqoʻrgʻon tuman sudi tomonidan esa ushbu shaxs Jinoyat Kodeksining 25,28,182-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tezkor tadbir davomida undan ashyoviy dalil sifatida olingan 79 mln. 994 ming 900 Rossiya rubli sud hukmiga muvofiq davlat egaligiga oʻtkazildi.