Xabar qilinganidek, “Yuksalish” umummilliy harakati hamda Fargʻona viloyati “Taraqqiyot” aholi turmush tarzini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagi bilan “Oʻzbekistonning chekka qishloq hududlarida qarorlar qabul qilishda fuqarolar ishtirokini oshirish” loyihasini amalga oshiryapti.

Loyiha doirasida respublikaning uchta – Andijon, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi ikkitadan tuman hamda ikkitadan mahallasida aholining ehtiyojmand qatlamiga moddiy koʻmak koʻrsatish, kichik infratuzilmasini yaxshilash, tibbiyot muassasalariga tibbiy buyumlar taqdim etish koʻzda tutilgan.

Loyihaning birinchi bosqichi iyun oyida Andijon viloyatida amalga oshirildi. Viloyatning Xonobod shahridagi “Istiqlol” va “Navoiy” mahalla fuqarolar yigʻinlarida, Jalaquduq tumanining “Namuna” va “Gʻalaba” mahalla fuqarolar yigʻinlarida ishchi guruh hamda MFYlar faollari ishtirokida maslahat uchrashuvlari oʻtkazildi. Uchrashuvlarda mahallalardagi ehtiyojmand oilalar roʻyxati tuzildi, infratuzilmaviy muammolar aniqlab olindi. Soʻng, joyiga chiqib oʻrganildi: ehtiyojmandlar uylariga borildi, ular bilan suhbat qurildi, koʻcha va ariqlar holati, suv manbalari, transformatorlar koʻzdan kechirildi. Oilaviy shifokorlik punktlarining sharoitlari oʻrganildi, yakunda ularni “COVID toʻplamlari” bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.

Loyihaning ikkinchi bosqichi 12—16-iyul kunlari Samarqand viloyatining Paxtachi va Qoʻshrabot tumanlarida oʻtkazildi. Besh kun davomida ushbu tumanlardan tanlab olingan 4 ta MFY raislari, faollari, tuman hokimliklari va tashkilotlaridan tuzilgan ishchi guruh aʼzolari, shuningdek, Qishloq oilaviy poliklinikalari mudirlari ishtirokida muhokama uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.

Loyiha boʻyicha ish olib boruvchi maqsadli guruh dastlab Paxtachi tumanidagi “Gulobod” hamda “Doʻng” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, ehtiyojmand oilalar va infratuzilma muammolari aniqlab oldi. Infratuzilma boʻyicha elektr, tabiiy gaz, suv taʼminoti, ichki yoʻllarni yaxshilash, elektr sim yogʻochlarini almashtirish, koʻprikni taʼmirlash muhim deb belgilandi.

Navbatdagi manzil — Qoʻshrabot tumanidagi “Yuqori Joʻsh” hamda “Toz” MFYlari boʻldi. Har ikki mahalla tuman markazidan ancha olisda (Yuqori Joʻsh – 42 km, Toz – 65 km) joylashgan, 5 mingdan ziyod aholi yashaydi.

Mahalla faollari ishtirokida ehtiyojmand oilalar, infratuzilma muammolar aniqlab olingach, joyiga chiqib oʻrganildi. Yuqori Joʻsh, Chorboq, Quruqsoy koʻchalari boʻylab 28 ta xonadon koʻzdan kechirildi, ehtiyojmand oilalar vakillari bilan suhbat qurildi.

Infratuzilma muammosi esa asosan elektr sim yogʻochlaridir. Ular ayni paytda eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgan. Loyiha doirasida har ikki MFYda yogʻoch ustunlarni temir-beton ustunlariga almashtirishda koʻmaklashiladi.

Mazkur loyihaning uchinchi bosqichi Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi va Qarshi tumanlarida oʻtkaziladi. Mezonlarga toʻgʻri keluvchi ikkitadan mahallani tanlab olish va Andijon, Samarqand tajribasi asosida ish olib borish rejalashtirilyapti.

Eslatib oʻtamiz, mazkur loyihaning umumiy byudjeti 400 ming yevroga teng, u 18 oy mobaynida amalga oshiriladi va 2022-yil yanvar oyidan tatbiq etiladi.

“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.