Qarorga koʻra, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, axborot texnologiyalari va dasturlash, xizmat koʻrsatish hamda irrigatsiya tizimlari va agrotexnologiyalar sohalari boʻyicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
2025/2026 oʻquv yilidan:
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi va atrof-muhit muhandisligi yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash salmogʻi oshiriladi;
- talabalarning fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro standartlar asosida baholash tizimi joriy etiladi;
- Taʼlim xizmatlari markazi tashkil etib, talabalarga oʻqish davomida yuzaga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar boʻyicha barcha zarur xizmatlarning “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyiladi;
- iqtidorli talabalar uchun darslar xorijiy tillarda oʻqitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.
Yuqoridagi OTMlarda tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi va 2024/2025 oʻquv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga Universitet diplomi beriladi.