Qarshi davlat universiteti Lochin futbol klubi parvozga shay

    Sport 29 Aprel 2023 1477

    Qarshi davlat universiteti Lochin futbol klubi tashkil etilganiga uncha koʻp vaqt boʻlmadi. Ammo jamoaning qoʻlga kiritgan yutuqlari havas qilarli darajada.

    Joriy yil 11-aprel kuni Davlatimiz rahbari raisligida “Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish maqsadida” oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklatilgan edi.

    Xususan, yigʻilishda oliygoh rektorlari futbol, voleybol, basketbol, shaxmat, stol tennisi kabi sport turlari boʻyicha oʻz klublarini tashkil etishi va bu klublar talabalar sport ligalariga birlashib, doimiy turnirlar oʻtkazib borishi qayd etilgan edi.

    Qarshi davlat universiteti Lochin futbol klubi tashkil etilganiga uncha koʻp vaqt boʻlmadi. Ammo jamoaning qoʻlga kiritgan yutuqlari havas qilarli darajada. Jumladan, oʻtgan 2022-yilda “Viloyat kubogi”, “Viloyat hokimi kubogi” va “Viloyat 2-liga bahslari”da chempionlik qoʻlga kiritildi. Oʻz tarixida ilk bora plyaj futboli boʻyicha Oʻzbekiston chempionatidagi ishtirok va qoʻlga kiritilgan bronza medali sovrinlar kolleksiyasini toʻldirdi. Bugun jamoa yangi mavsum uchun katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik koʻrmoqda.

    Davlatimiz rahbarining videoselektor yigʻilishida talabalar futbol klubi rivoji uchun bergan imkoniyatlari jamoaga yangi kuch, oʻzgacha motivatsiya bagʻishladi. Ahamiyatlisi, mashgʻulotlarda Nasaf FK bosh murabbiyi, universitetimiz faxriy professori Roʻziqul Berdiyev qimmatli tajribalari bilan oʻrtoqlashib, mahorat darslarini olib bormoqda. Nasaf klubining asosiy tarkib oʻyinchilari bilan yelkama-yelka mashgʻulot olib borayotgan yosh futbolchilarimiz katta futbol sir-asrorlarini qunt bilan oʻzlashtirmoqda.

    Universitet bosh maydonining tribunasi jamoa mashgʻulotlarini kuzatish uchun kelgan muxlislar bilan gavjum. Futbol klubining moddiy-texnik bazasi tubdan yaxshilandi. Jamoa 10-maydan viloyat 2-liga musobaqalarida ishtirokini boshlaydi. Bir soʻz bilan aytganda, Lochin futbol klubi yangi mavsum uchun shiddatli parvozga hozirlanmoqda.