Davlatimiz rahbarining 2020-yil 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi mobaynida berilgan topshiriqqa asosan kelgusida Qarshi shahrining zamonaviy transport modelini yaratish koʻzda tutilgan. Bundan asosiy maqsad hududda tirbandliklarni sezilarli kamaytirish, buning uchun innovatsiyalarni qoʻllash, shuningdek, jamoat transportini rivojlantirish hisoblanadi.

Ayni paytda Qarshi shahrida transport qatnovini oʻrganish ishlari boshlangan. Xususan, viloyat markaziga kirish-chiqish yoʻllarida transport oqimi, shaharning yirik chorrahalarida svetoforning oʻtkazuvchanlik qobiliyati tahlil qilinmoqda. Shu maqsadda viloyat transport boshqarmasi va viloyat IIB YHXB hamkorligida shaharning turli nuqtalarida transport harakatini videoqayd etish ishlari amalga oshirildi. Buning uchun maxsus moslamalardan foydalanildi.

2021-yil yakuniga qadar Qarshi shahriga qoʻshni viloyatlar va tumanlardan kirib kelayotgan yoʻlovchi tashuvchi transport vositalari tirbandligining oldini olish maqsadida shaharda yangidan 5 ta shohbekatni (Qarshi - Shahrisabz, Qarshi - Buxoro, Qarshi - Samarqand, Qarshi - Kasbi, Qarshi - Gʻuzor, Qarshi - Beshkent) qurish va ekspluatasiya qilish boʻyicha namunaviy loyihalarni ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda. Barpo etilajak 5 ta shohbekat uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalari belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlanadi.