баннер
13 Mar 2025
23:14

    Qarshi shahrining hududi kengayadi

    Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Qarshi shahrining yangi bosh rejasiga koʻra, viloyat markazi keyingi 18-yil ichida Koson, Qarshi va Koʻkdala tumanlari hududiga qarab 7 ming 767 gektarga, yaʼni qariyb ikki baravar kengayadi.

    Qayd etilishicha, Qarshi shahrining hududi hozirgi paytda 8 ming 308,9 gektarni tashkil etsa, 2030-yilning oxiriga qadar 11 ming 26,8 gektar, 2042-yil yakunigacha esa 16 ming 73,6 gektargacha oʻzgaradi.

    Shu yillarda shahar aholisi soni 300 ming kishidan mos ravishda 400 ming va 470 ming kishigacha koʻpayishi kutilmoqda, uy-joy fondi esa bugungi 3 million 992,27 ming kvadrat metrdan birinchi navbatda 7 million 200 ming kvadrat metr, hisob davrida 10 million 810 ming kvadrat metrgacha oshishi reja qilingan. Shunda uy-joy bilan taʼminlanish darajasi bir kishiga oʻrtacha 14,1 kvadrat metrdan 2030-yilda 18 kvadrat metr, 2042-yilda 23 kvadrat metrgacha koʻtariladi.

    Eʼtiborlisi, shahar uy-joy fondining umumiy maydonida 2-3 va 4-5 qavatli uylarning hissasi keskin kamayib, 7, 12, 14 va 16 qavatli uylarning hissasi esa, aksincha, ortadi, 9 va 20 qavatli uylar barpo etiladi.

    Qarshi shahrining bosh rejasiga muvofiq, aholining ijtimoiy soha obyektlariga boʻlgan talabini amaldagi meʼyorlarga moslashtirish asnosida soha koʻrsatkichlari jadal surʼatlarda oʻzgaradi.

    Shaharda magistral koʻchalarning uzunligi (hozir - 88 kilometr) 2030-yil oxirida 155,35 kilometr, 2042-yil yakunida 291,33 kilometrni tashkil qilib, yiliga tashiladigan yoʻlovchilar soni (hozir 96 million nafar) yaqin 6-yil ichida 160 million, 18-yildan keyin esa 235 million nafargacha koʻpayadi.

    Qarshida ekologik muhitni yaxshilash, atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatish omillarini kamaytirish maqsadida ekologik talablarga mos ravishda umumiy foydalanishdagi koʻkalamzor hududlar, maydoni hisob davrida 423 gektar, kishi boshiga 9 kvadrat metr (hozirgi holati - 178,4 gektar va 6,3 kvadrat metr), sanitar-himoya hududlar maydoni 586,7 gektar, kishi boshiga 12,48 kvadrat metrga (hozirgi holati - 166,5 gektar va 5,88 kvadrat metr) yetkaziladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech