Qarshi tumanida portlagan “Neksiya” tafsilotlari maʼlum qilindi

    Tashvishli xabar 24 Aprel 2021 991

    Qarshi tuman IIBga 2021-yil 22-aprel kuni tushgan xabarga koʻra, shu kuni soat 06:40 larda Qarshi tumani “Istiqlol” mahallasi Dasht qishlogʻida joylashgan “NATIONAL FOOD MARKET” MCHJga qarashli transport vositalariga siqilgan tabiiy gaz quyish shoxobchasining 8-qator boksida portlash sodir boʻlgan.

    Tumanning Dasht qishlogʻida yashovchi I.X. boshqaruvida boʻlgan “NASAF AL ZEBONA TRANS” MCHJga tegishli boʻlgan sariq rangli, “Neksiya-1” rusumli avtomashinasini siqilgan tabiiy gaz olish uchun qoʻyib, oʻzi va oʻgʻli B.E. bilan avtomashinadan tushgan.

    Shundan soʻng, siqilgan tabiiy gazni transport vositasiga toʻldirgach, toʻlovni amalga oshirish uchun MCHJning operatorini oldiga kelgan.

    Transport vositasiga siqilgan gaz quyib boʻlinganidan soʻng, gaz quyish shoxobchasida ishlovchi S.Sh. siqilgan gaz shlangini transport vositasidan ajratib olgan vaqtda fuqaro E.B. transport vositasini orqa tomoniga oʻtib, avtomashina orqa yukxonasini yopgan va kuchli portlash sodir boʻlgan.

    Natijada E.B. hodisa sodir boʻlgan joyda vafot etgan va gaz quyish shoxobchasi gaz toʻldiruvchisi S.Sh. ogʻir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

    “Hurmatli fuqarolar yuqoridagi koʻngilsiz holatlarni oldini olish uchun avtotransport vositalarini texnik sozligini doimiy ravishda nazorat qiling. Bu sogʻligingiz va mulkingiz xavfsizligi kafolatidir”,- deyiladi Qashqadaryo viloyat IIB xabarida.