Maʼlum boʻlishicha, Qarshi shahridagi dehqon bozori raisi va nazoratchisi oʻzaro til biriktirib, bozor hududida yangi qurilgan 110 kv.m maydonli savdo doʻkonini tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 80 ming AQSH dollari talab qilgan. Ular oldindan 30 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yana bir holat Buxoro shahridagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ulgurji bozorida aniqlangan. Bozor rahbari va ish yurituvchisi oʻzaro til biriktirib, bozor hududida yengil konstruksiyali savdo doʻkoni qurib, tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun 120 kv.m yer maydoni ajratib berish evaziga fuqarodan 11 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom etmoqda.