Qarshida chet ellik kardioxirurglar ishtirokida murakkab jarrohlik amaliyotlari oʼtkazildi

    Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Marinskiy shahar shifoxonasi kardioxirurgiya boʼlimi boshligʼi, tibbiyot fanlari nomzodi Vidadi Efendiev ishtirokida mahorat darslari boʼlib oʼtdi.

    Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Qarshi filialida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Marinskiy shahar shifoxonasi kardioxirurgiya boʼlimi boshligʼi, tibbiyot fanlari nomzodi Vidadi Efendiev ishtirokida mahorat darslari boʼlib oʼtdi. Bu haqda Sogʼliqni saqlash vazirligi maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, koʼzlangan maqsad Qashqadaryo viloyatida noyob turdagi kardiojarrohlik amaliyotlarini keng yoʼlga qoʼyish, filial mutaxassislari tomonidan ularni mustaqil amalga oshirishga zamin yaratishdan iborat.

    Ikki kun davomida Vidadi Efendiev hamda mahalliy kardioxirurglar birgalikda jami 6 nafar bemorda noyob turdagi murakkab amaliyotlarni oʼtkazdi.

    – Rossiyalik hamkasbimizning tajribasi bilan tanishish filial mutaxassislari uchun ayni muddao boʼldi, – deydi tibbiyot fanlari nomzodi Аdham Jalilov. — Ishlab turgan yurakda aorta-koronar shuntlash, mitral stenozni bartaraf etish, gipertrofik kardiomiopatiya kasalligi bor bemorda “Morrou operatsiyasi”, aortal klapan protezlash va mitral klapan komissurotomiyasi kabi murakkab turdagi amaliyotlarni birgalikda muvaffaqiyatli va asoratsiz bajardik.

    Maʼlumot uchun, Marinskiy shahar shifoxonasi Sankt-Peterburg shahridagi pediatriya tibbiyot universiteti, Аkademik I.P.Pavlov nomidagi davlat tibbiyot universiteti hamda tibbiyot akademiyasi kabi nufuzli muassasalarning ilmiy-amaliy, oʼquv va klinik bazasi hisoblanadi.