Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va “Oʻzbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan joriy yil 11-12-noyabr kunlari Qarshi shahrida boʻlib oʻtgan yarmarka davomida mahalliy korxonalar, xorijiy investorlar va ilmiy muassasalar vakillari bilan muhim uchrashuvlar oʻtkazilib, salmoqli natijalarga erishildi.
Avval xabar berilganidek, yarmarkada xorijiy davlatlar va respublikaning barcha hududlaridan 900 ga yaqin ishtirokchilar qatnashgan boʻlib, bunda neft-gaz korxonalarining ishtiroki alohida ahamiyatli boʻldi.
Xususan, “Oʻzbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan bu yilgi yarmarkada ilk marta “Maxsusenergogaz” AJ, “Jizzax Petrolium” QK, “Oʻzneftgaz burgʻilash ishlari” MCHJ, “Oʻzneftgaz quduq taʼmirlash” AJ, “Andijon quduqtaʼmirlash”, “Oʻzbekkimyomash zavodi” AJ kabi yetakchi mahalliy neft-gaz korxonalari, shu bilan birga “Eriell”, “Enter Engeneering” (Singapur), “Tatneft”, “Xromos Injiniring” MCHJ, “Idelmash”, “Polati” (Rossiya Federatsiyasi), “Wika”, “NTCS Group” (Qozogʻiston) kabi xorijiy kompaniyalar ham oʻz stendlari bilan ishtirok etdi.
Yarmarkada “Oʻzbekneftgaz” AJ ishtirokida tashkil etilgan “Uzkorgazkemikal” QK, “Gissarneftgaz” QK, “Natural gas stream” QK, “Aziya trans gaz” QK, “Koʻkdumaloqgaz” QK, “New silk road” QK kabi qoʻshma korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot va koʻrsatilayotgan xizmatlar, ularning faoliyat natijalari va istiqbolli loyihalari namoyish etildi.
Yarmarka davomida “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi Raisi Mehriddin Abdullayevning yigirmaga yaqin ishtirokchilar bilan bevosita mahalliylashtirish va tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish yoʻnalishlarida amaliy uchrashuvlari oʻtkazilib, umuman tadbir davomida 327 ta aniq kelishuvlarga erishildi.
Yarmarka yakunlari bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ korxonalari tomonidan sanoat ehtiyojlari uchun 2021–2022-yillarda mahsulotlar, butlovchi buyum, materiallar hamda xizmatlarni mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berish boʻyicha 249 ta shartnomalar imzolandi va yagona elektron kooperatsiya portali orqali moderatsiyaga berildi.
Mazkur shartnomalar doirasida neftgaz sanoati korxonalariga xizmatlar koʻrsatish, filtrlar, sanoat moylari, berkitish-boshqarish qurilmalari, kimyo mahsulotlari, manometr va oʻlchagichlar, podshipniklar, bentonit, barit, manjetlar, rezinotexnika va elektrotexnika buyumlari, oʻt oʻchirish qurilmalari va boshqalarni mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berilishi koʻzda tutilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra hududiy sanoat yarmarkasi doirasida mahalliylashtirilayotgan mahsulot va xizmatlarni ularning import oʻxshashi bilan solishtirganda oʻrtacha 138 milliard soʻmlik mablagʻ iqtisod qilinishiga erishiladi.
Shu bilan bir qatorda, “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida import mahsulotlarga qaramlikni kamaytirish maqsadida mahalliy tadbirkorlar bilan 78 ta hamkorlik memorandumlari imzolanib, ular doirasida yangi mahsulot turlarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish, korxonalarda laboratoriya va sanoat-tajriba sinovlaridan oʻtkazish hamda keyinchalik xaridga tayyorlash ishlari amalga oshiriladi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.