— Yakkabog'lik 41 yoshli bemor ayol Mahfuza Xudoyberdievaga “Surunkali glomerulonefrit. Terminal bosqich. Surunkali buyrak etishmovchiligi. Simptomatik arterial gipertenziya” tashxisi qo'yilgan edi, — deydi filial direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Doniyor Tursunov. — O'n to'rt oy davomida haftasiga ikki marotaba gemodializ seanslarini olib kelgan ayolga 43 yoshli akasi donor bo'lishga — bir buyragini berishga qaror qildi. Kerakli tekshiruvlardan so'ng shifokorlar operatsiyani Qarshida o'tkazishni rejalashtirishdi.

Poytaxtdan kelgan mutaxassislar — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, tibbiyot fanlari doktori Davron To'laganov, markaz xirurgiya bo'limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Farhod Xadjibaev rahbarligidagi 13 kishilik guruh hamda markaz filiali vakillari ishtirokida tashkil etilgan buyrak ko'chirib o'tkazish amaliyoti 7 soatdan ortiq davom etdi.

Amaliyot yakunidan so'ng bir necha daqiqa o'tgach, ko'chirib o'tkazilgan buyrak ishladi — peshob ajralishi kuzatildi. Ayni paytda aka-singilning ahvoli yaxshi. Ular va yaqinlarining quvonchi cheksiz.

— Ilgari juda qimmat narxda faqat xorijda o'tkazib kelingan mazkur turdagi jarrohlik amaliyotlarini 2018 - yildan boshlab markazimizda bajarish yo'lga qo'yildi, — deydi professor Farhod Xadjibaev. — Endilikda mazkur operatsiyalarni viloyatlarda ham mahorat darsi shaklida yo'lga qo'yishga kirishdik. Ayrim tekshiruv xarajatlarini hisobga olmaganda operatsiya bepul tashkil etildi.

— Maqsad — tibbiyotni xalqimizga yanada yaqinlashtirish, sohadagi eng zamonaviy xizmatlarni viloyat markazida, kelgusida tumanlarda ham tashkil etishdan iborat, — deydi viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan To'lakov. — Quvonarlisi, endilikda viloyatimiz mutaxassislari ham poytaxtda bu borada malaka oshirishlari rejalashtirildi. Kelgusida bunday yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalarni ko'plab tashkil etish imkoniga ega bo'lamiz. Bemorlarimiz ham juda katta xarajat evaziga xorijga yoki poytaxtga borish tashvishidan qutuladi. Bir so'z bilan aytganda xalqimizning uzog'i yaqin, mushkuli oson bo'ladi. Bularning barchasi yurtimizda sohada amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlarning samarasidir.

                        Qashqadaryo viloyati sog'liqni saqlash boshqarmasi

                         axborot xizmati