Qarshida “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishi boshlandi

    Ijtimoiy hayot 14 May 2022 2319

    “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishi uchun viloyat markaziga kirib kelishdagi “Chaman” MFY hududidan 64,6 gektar maydon tanlab olinib, loyiha ishlari amalga oshirildi.

    Bugun viloyat hokimi Murotjon Azimov, sektorlar rahbarlari, nuroniylar, keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirokida bu yerda barpo etiladigan “Yangi Oʻzbekiston” massivining loyiha taqdimoti oʻtkazildi.

    Loyihaga koʻra 64,6 gektarli maydonda 48 ta koʻp qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Shundan 18 tasini 16-qavatli, 22 tasini 12-qavatli, 8 tasini 9-qavatli uylar tashkil etadi. Massivda 38 gektar maydonda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”, uning tarkibida amfiteatr, bolalar va sport maydonchasi barpo etiladi.

    Shuningdek, ikkita umumtaʼlim maktabi, ikkita maktabgacha taʼlim tashkiloti, oilaviy poliklinika, mahalla markazi va tadbirkorlik binosi, savdo majmuasi quriladi.

    Loyihalar taqdimotidan keyin Qurʼon tilovat qilinib, jonliq soʻyildi. Shundan soʻng “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilish ishlariga start berildi.