Qarz shartnomalarining kelib chiqadigan daʼvolarning sudlarda koʻrilishi

    Xavfsizlik 30 Iyun 2021 3802

    Hayotda hamma narsa boʻladi. Baʼzida oʻz muammolarni yechish uchun qarz olishga toʻgʻri keladi. Kimdir olgan qarzini ixtiyoriy va oʻz vaqtida qaytaradi. Lekin Siz qarzga bergan pullaringiz qaytarilmasachi? Buning yechimi bor-mi?

    Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga koʻra, qarz shartnomasi boʻyicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib, oʻshancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi.

    Mazkur kodeksning 733-moddasiga koʻra, fuqarolar oʻrtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq boʻlsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganida esa summasidan qatʼi nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.

    Agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjat mavjud boʻlsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 735-moddasiga koʻra, qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.

    Misol tariqasida amaliyotda sudda koʻrilgan ishlarning bittasini keltiramiz. (fuqarolarning familiyalarni oʻzgartirilgan)

    Daʼvogar Karimov sudga daʼvo ariza bilan murojaat qilib, unda javobgar Yuldashevdan 5.000.000 soʻm qarzni undirib berishni soʻragan.

    Javobgar Yuldashev tomonidan tilxat yozilib, unda 2020-yilda Karimovdan olgan 5.000.000 soʻmni bir oy ichida qaytarib berishni bayon qilingan.

    Javobgar Yuldashev tilxatda daʼvogar Karimovga 5.000.000 soʻm qarzni bir oy ichida qaytarib berishni bayon qilgan boʻlsada, belgilangan kunga qadar qaytarmagan.

    Fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan daʼvogar Karimovning daʼvo arizasi qanoatlantirilib, javobgar Yuldashevdan daʼvogar Karimovning foydasiga 5.000.000 soʻm qarz undirish belgilangan.

    Javobgar Yuldashev sudning hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, apellyatsiya shikoyati bergan.

    Apellyatsiya instansiyasi daʼvogar va javobgarning oʻrtasida qarz oldi-berdi munosabati yozma shaklda tuzilganligini, biroq javobgar olgan qarzini oʻz vaqtida qaytarmaganligini, javobgar tomonidan qarz qaytarilganligi haqida tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmaganligini inobatga olib, fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax tumanlararo sudining hal qiluv qarorini oʻz kuchida qoldirgan.

    Shu oʻrnida aytish joizki, qarz berishga toʻgʻri keldimi, bunda qarz berganligingizni tegishli tartibda yozma bitim bilan rasmiylashtirishga harakat qiling. Agarda qarzni qaytargan boʻlsangizchi? Bunday holatda ham qarzni qaytarganligingiz haqida yozma hujjat talab qilib oling.

    Xalitova Luiza Irshatovna,

    Jizzax viloyat sudyasi