Qarzdorlik uchun energiya resurslari tarmoqlaridan uzish belgilanmoqda

    Jismoniy shaxslar ham qarzdorlik sabab elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlaridan uzilishi qonunchilikda belgilab qoʻyilmoqda.

    Deputatlar yoqilgʻi-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlari hamda ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini koʻrib chiqdi.

    — Elektr energiyasi va gaz uchun qarzdorlik yuzaga kelganda sudlarga ariza kiritilishiga qadar qarzdorlikni undirish imkoniyatlaridan yetarli foydalanilmagani oqibatida fuqarolarning mulkiy huquqlariga zarar yetkazilmoqda, — dedi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining birinchi oʻrinbosari Shavkat Haydarov. — Eng achinarlisi, bir tomonlama asossiz hisoblangan qarzdorlikni undirish boʻyicha sudlarga ariza kiritilishiga sharoit yaratilmoqda.

    2023-yilda 3,5 mingta sud buyruqlari nizo boʻlgani sabab bekor qilingan. Shu sabab ushbu qonun loyihasi bilan isteʼmol qilingan energiya resurslari uchun majburiy toʻlovlarni undirish haqida ijro hujjatini berish toʻgʻrisidagi ariza vakolatli organ yoki mansabdor shaxsga berilguniga qadar isteʼmolchining energiya resurslari tarmoqlaridan uzilganini tasdiqlovchi hujjatni majburiy tartibda ilova qilishga doir talabni isteʼmolchi jismoniy shaxslarga nisbatan ham tatbiq etish koʻzda tutilmoqda. Yaʼni, jismoniy shaxslar ham qarzdorlik sabab elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlaridan uzilishi qonunchilikda belgilab qoʻyilmoqda.

    Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.