Bu haqda DXX xabar qildi.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida Toshkent viloyatida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent shahrida yashovchi, 1984-yilda tugʻilgan fuqaro Ohangaron tumanidagi dala maydoniga narkokuryerlar tomonidan yashirib ketilgan 4 kg 935 gramm “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasini olayotgan vaqtida ushlandi. Aniqlanishicha, u internet-narkodoʻkonning “omborchi” lavozimida ishlab, giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida olib, qismlarga ajratgan holda mamlakatning turli hududlariga tarqatish bilan shugʻullangan.

Shuningdek, DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahri Yangihayot tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, 1981-yilda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs toʻxtatildi. Uning qoʻlidagi xoʻjalik qopi koʻzdan kechirilganda, undan 9 kg 829 gramm “gashish” aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Qashqadaryo viloyatida esa Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tadbir davomida Qarshi shahrida yashovchi, 1959-yilda tugʻilgan fuqaroning xonadoni koʻzdan kechirildi. Natijada, u qoʻshni davlatlardan olib kelingan 4 kg 652 gramm “opiy”, 380 gramm “gashish” va 492 gramm “marixuana” giyohvandlik vositalarini sotish maqsadida saqlab kelayotgani aniqlandi.

Hozirda har uchala holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.