Belarusning Vitebsk viloyati delegatsiyasi Qashqadaryo viloyati bilan hamkorlik boʻyicha qator shartnomalar imzoladi, deb xabar beradi viloyat xokimligi axborot xizmati.
Qayd etilishicha, Belarus delegatsiyasi 10-13-oktyabr kunlari Qashqadaryoda boʻlgan va ishchi safari chogʻida tomonlar Belarus tovarlarini Oʻzbekiston bozoriga yetkazib berish masalalarini muhokama qilgan.
Vitebsk viloyat ijroiya qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, goʻsht va sut mahsulotlari, elektr jihozlari va kabel mahsulotlari Oʻzbekiston tomonida alohida qiziqish uygʻotgan.
Yigʻilishda imzolangan import-eksport shartnomalari hajmi 3 million dollarni tashkil etgan. Bunga neft sanoati uchun mahsulotlar, oʻlchov asboblari va uskunalari kiradi.
Bundan tashqari, hududlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida bitim tuzilgan. Ikki tomonning erkin iqtisodiy zonalari hamda goʻsht-sut sanoati korxonalari direksiyalari ham hamkorlik memorandumlarini imzolagan.
Vitebskdan Oʻzbekiston bozoriga yetkazib berilayotgan mahsulotlarning qariyb yarmini dori vositalari, goʻsht, quruq sut, bolalar ovqatlari, poliyetilen tashkil etadi. Qarama-qarshi yoʻnalishda, asosan, meva va sabzavotlar, shuningdek, iplar va mis simlar eksport qilinadi.