Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini oʻzgartirish va Koʻkdala tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi

    Urbanizatsiya 18 Mart 2022 1940

    Senat yalpi majlisida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini oʻzgartirish va Koʻkdala tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.

    Majlisda Koʻkdala tumanini tashkil etilishiga sabab boʻlgan asosiy omillar alohida qayd etib oʻtildi. Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, Chiroqchi tumaniga 1926-yilda asos solingan boʻlib, aholisi 420 ming kishini, umumiy yer maydoni 2,8 ming km2 ni tashkil etadi. Bugungi kunda tumanda jami 2 137 ta korxona, shundan 324 ta sanoat korxonasi mavjud boʻlib, ular tomonidan 2021-yilda 7,4 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan.

    Shuningdek, tumanda 45 mingdan ortiq tarbiyalanuvchisi boʻlgan 230 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 93 mingdan ortiq oʻquvchisi boʻlgan 234 ta umumtaʼlim maktabi hamda 8 ta oilaviy poliklinika faoliyat yuritib kelmoqda.

    Qayd etilganidek, bugungi kunda tuman markazidan eng chekka qishloqqacha boʻlgan masofa 65-100 km, jumladan, “Toshli” qishlogʻi –

    100 km, “Sarson” qishlogʻi – 93 km va “Quruqsoy” qishlogʻi – 65 km. Bu esa, aholining tuman markaziga borib-kelishi uchun 2-3 ta yoʻlovchi transportidan foydalanishiga va bir kun yoʻqotilishiga sabab boʻlmoqda.

    Bundan tashqari, Chiroqchi tumanda 2021-yilda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,8 million soʻm (viloyatda 5,5 million soʻm), qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 8,2 million soʻm (viloyatda 8,7 million soʻm), xizmatlar hajmi esa 1,8 million soʻm (viloyatda 3,9 million soʻm)ni tashkil etib, viloyat boʻyicha eng oxirgi oʻrinda turibdi.

    Shunga koʻra, Chiroqchi tumanida yashayotgan aholiga ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratish hamda viloyatda rejalashtirilayotgan oʻzgarishlar, urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, ayniqsa aholi bandligini taʼminlash maqsadida, ushbu tumanning bir qismida Koʻkdala tumanini tashkil etish hamda uning markazini Yettitom shaharchasi etib belgilash nazarda tutilyapti.

    Bunda Chiroqchi tumanida istiqomat qilayotgan 420 ming nafar aholining 176,3 ming nafari, yaʼni 32 ta mahallada yashayotgan qismi Koʻkdala tumani tarkibiga oʻtkazish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, Koʻkdala tumani tarkibiga 162 ta sanoat korxonasi va 1 ta kichik sanoat zonasi (Ayritom) oʻtkazilib, ishlab chiqariladigan mahsulot hajmining tuman sanoatidagi ulushi 151,9 mlrd soʻmni yoki 38 foizni tashkil etadi.

    “Ayritom” kichik sanoat zonasining 7 gektar maydoniga muhandislik-infratuzilma obyektlari qurilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.

    Xalqaro ahamiyatdagi 94 km yoʻl boʻyida 150 ta xizmat koʻrsatish obyektlari (516 ta ish oʻrni), Yettitom hududidan oʻtgan A-378 avtomagistral yoʻli yoqasida 6 gektar yerda xizmat koʻrsatish va savdo komplekslari tashkil etiladi. 10 ming gektar lalmi va adir yerlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi asosida bogʻ-tokzorlar tashkil etiladi.

    Natijada esa Koʻkdala tumani tarkibiga oʻtkazilayotgan aholiga qulay sharoitlar yaratiladi hamda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati oshishiga xizmat qiladi.

    Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.