Qarshi shahrida viloyat va tuman (shahar) xalq taʼlimi boshqaruv rahbar va xodimlari bilan oʻtkazilgan yigʻilishida joylardagi oʻrganish natijasida viloyatdagi taʼlim tizimidagi mavjud muammolar tanqidiy muhokama qilindi. Jumladan, yigʻilishda, viloyatda guruhbozlik va tanish-bilishchilik illatlarini oldini olish, yosh kadrlarga yoʻl ochib, barcha rahbar lavozimlarga zahira tayyorlash, berilgan vazifalarni bajarishda koʻzboʻyamachilikka yoʻl qoʻymaslik, fuqarolarning murojaatlariga eʼtiborni kuchaytirish kabi vazifalar belgilab berildi.
Muhimi, taʼlimning boshqaruv tizimida faoliyat koʻrsatayotgan har bir xodimga sharafli va ulugʻ kasbga munosib boʻlish, eskicha yondashuvlardan voz kechib, yangicha tamoyil va tartiblarga amal qilish kerakligi taʼkidlandi.
Tanqidiy-tahliliy boʻlib oʻtgan yigʻilishda bir qator tayinlovlar amalga oshirildi.
Unga koʻra, “Yuksalish” umummilliy harakati Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari Farhod Eshonovich Ochilov Qashqadaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi.
Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi taʼlim sifati monitoringi boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlab kelayotgan Boboqul Qoraboyev boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari boʻldi.
Qarshi shahar xalq taʼlimi boʻlimida ijtimoiy fanlar metodisti sifatida faoliyat koʻrsatayotgan Nargiza Samadova Qarshi shahar xalq taʼlimi boʻlimi mudirligiga tayinlandi. Qarshi shahar taʼlim sifati monitoringi bosh inspektor metodisti Ruhiddin Ravshanov uning oʻrinbosari etib tayinlandi.
Qashqadaryo viloyatidagi yana 8 ta tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari faoliyati talabga javob bermasligi taʼkidlab oʻtildi.