Dastlab, jurnalistlar “Alptom” MCHJda boʻlishdi. Korxona mutaxassislari jurnalistlari uchun taqdimot oʻtkazishdi. Unda amalga oshirilishi kutilayotgan investitsiya loyihalari, korxona faoliyati, quvvati va mahsulotlar haqida toʻliq maʼlumot berildi. Shu yerning oʻzida mahsluotlar koʻrgazmasi ham tashkil etildi.
Navbatdagi manzil “Qarshi mebel” MCHJ. Tadbir ishtirokchilari korxona rahbari bilan muloqot qilishdi. Shu bilan birga ishlab chiqarish jarayoni, tayyor mahsulotlar bilan yaqindan tanishishdi. Korxonada asosan taʼlim muassasalari uchun mebellar ishlab chiqarilishi barchani diqqat eʼtiborini tortdi. Jamiyat Turkiya, Germaniya va Xitoy davlatining zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan. Qalam axli shu yerda tashkil etilgan shourumda ham boʻlishdi.
Taʼkidlanishicha, “Qarshi mebel” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 8,5 mlrd. soʻm boʻlgan mebel mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilgan. Bu yerda yiliga 4 ming dona turli koʻrinishdagi mebellar ishlab chiqariladi. Loyiha shu yili sentyabr oyida ishga tushirilgan. Eʼtiborlisi, 50 nafar qashqadaryolik yoshlar ish bilan taʼminlangan.
Press-tur davomida OAV vakillari “Pegas” MCHJ ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Korxona rahbari mexmonlarga toʻliq maʼlumot taqdim etdi. Bu yerda oʻrnatilgan texnologiya va uskunalar, mahsulot turlari barchada iliq taassurot qoldirdi.
“Pegas” korxonasida temirni qayta ishlash, lak-boʻyoq, eshiklar hamda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu loyihaning qiymati 13 mlrd. soʻmdan ziyod boʻlib, bu yerda 150 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Korxona mahsulotlariga ichki bozorda talab yuqori.
Maʼlumot uchun, viloyatda joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida ishlab chiqarish hajmi 1 trln. 064 mlrd. soʻmni tashkil etdi. Shuningdek, yanvar-sentyabr oylarida 2,2 mln. dollarlik qurilish materiallari eksport qilindi.Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yil yanvar-sentyabr oylarida 356 mlrd. soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi.