Qashqadaryo viloyatining ishga solinmagan eng katta zaxirasi, bu – uning sugʻoriladigan, yaylov va oʻrmon yerlari — Prezident

    Siyosat 20 Iyun 2025 431

    Misol uchun, Qashqadaryodagi sugʻoriladigan qishloq yerlari 515 ming gektarni, tomorqa va bogʻdorchilik yerlari 45 ming gektarni tashkil qilib, respublikada birinchi oʻrinda. Yoki, viloyatda 1,3 million gektar yaylov va oʻrmon yerlari mavjud. Buncha yer bilan butun respublikaning goʻshtga ehtiyojini bemalol qoplasa boʻladi.

    Oʻtgan yili viloyat qishloq xoʻjaligida 43 trillion soʻmlik mahsulot yaratildi.

    “Agar ilm bilan resurs va salohiyat toʻliq ishga solinsa, koʻchati, urugʻi, ekin ekishga yangi agrotexnologiyalar joriy qilinsa, suv va energiya tejamkor texnologiyalar keng qoʻllanilsa, bu raqamni besh yilda bemalol 100 trillion soʻmga olib chiqish mumkin“, — dedi Prezident.

    Viloyatdagi 1,3 million gektar yaylov va oʻrmonlardan samarali foydalanish, ularga investitsiyalar jalb qilib, yerlarni aylanmaga kiritish va loyiha qilish uchun alohida kompaniya tashkil qilinib, unga aksiyadorlik jamiyati maqomi beriladi.

    Unga dastlabki bosqichda 100 million dollar beriladi. Kompaniyaning oʻzi ham 500 million dollar investitsiya olib keladi. Bu mablagʻlar hisobiga kompaniya ikki yilda viloyatdagi kamida 200 ming gektar yaylov va oʻrmon yerlariga suv chiqarib, lazerli tekislab, suv tejovchi texnologiyalar joriy qiladi.

    Mirakida 520 gektar qir-adirda yangi terrasa usulida tashkil qilingan, 4-5 oyda meva beradigan uzum, gilos va olma bogʻlari kompaniyaga metodik baza boʻladi.