Qashqadaryo viloyati hokimi boshchiligidagi Ishchi guruh tomonidan tezkorlik bilan ushbu hududlarda otryadlar tuzilib, ularga 74 turdagi ishlov tadbirlarini amalga oshirish texnikalari jalb etilib, zararli chigirtkalarga qarshi samarali kimyoviy ishlovlar oʻtkazish ishlari boshlab yuborildi. Shuningdek, 24 soat ishlaydigan maxsus shtab tashkil etildi.
Vohada joriy yilda zararli chigirtkalarga qarshi 140 ming gektar maydonga kimyoviy ishlovlar oʻtkazilishi bashorat qilingan boʻlib, shundan, Gʻuzor, Dehqonobod, Qamashi, Nishon, Mirishkor, Chiroqchi va Shahrisabz tumanlari yaylovlarida 88,5 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar berish yakunlandi, deya xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Ishchi guruh rahbari Zoyir Mirzayev “Oʻzagrokimyohimoya” AJ chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati Qashqadaryo filiali boshligʻi Gʻayrat Joʻrayev bilan muloqot qilib, zararli chigirtkalarga qarshi kurashish ishlari uchun zaruriy qoʻshimcha mablagʻlarni ajratishini bildirdi. Ushbu mablagʻlar yana 20 ming gektar yaylovlarga ishlov tadbirlari olib borish uchun kimyoviy vositalar, yoqilgʻi va texnikalar uchun ehtiyot qismlar xarid qilishga sarflanadi.
Masʼullarning qayd etishlaricha, 10-iyunga qadar ushbu zararli chigirtkalarga qarshi samarali ishlar amalga oshirilib, boshqa viloyatlarga kirib bormasidan yoʻq qilinishiga erishiladi.