Bosh prokuratura tomonidan Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda Qashqadaryo viloyatida joylashgan madaniy meros obyektlarining saqlanishi, tiklanishi, taʼmirlanishi ahvoli oʻrganildi.

Viloyatda joylashgan 1468 ta madaniy meros obyektlari tanlov asosida bevosita joyida oʻrganilganda, 500 dan ziyod madaniy meros meros obyektlaridan foydalanishda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi.

Shuningdek, 11 ta arxeologiya merosi obyektlariga 6 mlrd soʻmga yaqin zararlar yetkazilgani aniqlanib, jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Jumladan, Qarshi tumanida joylashgan V-VIII asrlarga oid “Doʻngtepa”, “Nomsiztepa” va “Avliyotepa” arxeologiya merosi obyektlari qisman buzilishi oqibatida obyektlarga 1 mlrd. 488 mln. soʻmlik zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, oʻrganishda madaniy meros obyektlariga noqonuniy oʻrnatilgan 5 ta tashqi reklama bannerlari olib tashlanishi, ijara shartnomasi tuzmasdan madaniy meros obyektidan foydalanib kelayotgan 10 nafar tadbirkorning faoliyati qonuniylashtirilishi, 11 ta madaniy meros obyektlaridagi noqonuniy qurilmalar buzib tashlanishi taʼminlandi hamda 37 nafar shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortildi va sudlarga 7 ta ariza kiritildi.

Nazorat tadbirlari boshqa viloyatlarda ham davom etmoqda.