Qashqadaryoda 134 xotin-qizning kontrakt pullari toʻlab berildi

    Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan boʻlgan 134 nafar talaba xotin-qizlarning oliy taʼlim muassasalarida oʻqishi uchun kontrakt toʻlovlari davlat tomonidan qoplab berilmoqda.

    Bu boʻyicha Qashqadaryo viloyati hokimining qarori qabul qilindi.

    Viloyat hokimligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov tashabbusi bilan 134 nafar talaba xotin-qizning oliy taʼlim muassasalarida oʻqishi uchun toʻlov-kontrakt xarajatlariga qariyb 1 mlrd 128 mln soʻm mablagʻ ajratilgan.

    Qarorga muvofiq, viloyat boʻyicha 18 nafar 1-kurs va 116 nafar yuqori kurs talabalarining toʻlov-kontrakt pullari toʻliq qoplab berilmoqda.

    “Ushbu ragʻbat xotin-qizlar uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Ayrim talabalar moliyaviy qiyinchiliklar sababli oliy taʼlim olish imkoniyatidan mahrum boʻlishi mumkin edi. Bu tashabbus esa ularning kelajakda yuqori malakali mutaxassis boʻlishlariga zamin yaratadi”, — deyiladi hokimlik xabarida.