Qashqadaryoda 15 yoshli qizni jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan ayol 7,6 oyga kesildi

    Qashqadaryoda voyaga yetmagan 15 yoshli Ch.T. ni 7 oy davomida majburan jinsiy qullikda saqlab kelgan ayol qamaldi.

    Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Bolalar ombudsmani soʻroviga asosan Bosh prokuratura mazkur holatni nazoratga olgan. Viloyat prokuraturasi tomonidan tuzilgan tergov guruhi esa jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlarini olib borgan.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Shahrisabz tuman sudida voyaga yetmagan (2009-yilda tugʻilgan qiz) ga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar yuzasidan yopiq tarzdagi sud muhokamasi boʻlib oʻtdi.

    Unga koʻra, shu yilning 8-aprel kuni sud ishni har tomonlama, xolisona oʻrganib, mavjud dalillardan va ish uchun ahamiyatli boshqa holatlardan kelib chiqib, sudlanuvchilarni aybli deb topdi.

    Jumladan, sudlanuvchi N.A. (ayol) JKning 135-moddasi 3-qismining “a,g” bandlari (Odam savdosi) hamda 127- moddasining 3-qismi (Voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) bilan 7-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

    Sudlanuvchilar A.F. (erkak) va Ш.У. (erkak) JKning 118-moddasi 3-qismining “a” bandi (Nomusga tegish), 135-moddasi 3-qismining “a,g” bandlari (Odam savdosi), 127-moddasining 3-qismi (Voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) bilan aybli deb topilib, ularga 9-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi.

    Mazkur hukm yuzasidan sudlanuvchilar tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilgan boʻlib, Qashqadaryo viloyati sudi apellyatsiya tartibida mazkur shikoyatlarni koʻrib chiqdi va birinchi instansiya sudi hukmini oʻzgarishsiz qoldirdi.

    Taʼkidlash joizki, bu toifadagi jinoyatlar uchun javobgarlikning yangi tartibiga binoan, mazkur hukm boʻyicha mahkumlarga nisbatan jazoni yumshatish hech bir chorasi qoʻllanilmaydi va jazo toʻliq oʻtaladi.

    Voyaga yetmagan jabrlanuvchi Сh.T. ga Bolalar ombudsmani va tegishli tashkilotlar tomonidan zarur boʻlgan barcha ijtimoiy huquqiy va psixologik koʻmak koʻrsatilmoqda.