Лого Лого-пв-уз

    Qashqadaryoda 2 nafar hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Xavfsizlik 12 Aprel 2023 1061

    Ularning biri imtiyozli kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan boʻlsa, ikkinchisi pora olgan.

    Yakkabogʻ tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs oʻzi norasmiy rahbarlik qiluvchi 2 ta MCHJga qurilish materiallari sotib olish boʻyicha bankdan ajratilgan 1,7 mlrd soʻmlik imtiyozli kredit mablagʻlarini boshqalar bilan jinoiy til biriktirib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi holati DXX tomonidan aniqlandi.

    Hozirda mazkur hokim yordamchisi va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-(oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228(hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish)-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Yana bir holatda esa Shahrisabz tumanidagi mahallalardan birida hokim yordamchisi lavozimida ishlovchi shaxs mahalliy fuqaro foydalanib kelayotgan 5 gektar yer maydoni auksion savdolariga chiqib ketganidan xabardor boʻlib, unga ushbu yer maydonining 50 sotixini qoldirib berish evaziga 500 AQSH dollari olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ushlandi.

    Hozirda mazkur hokim yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168- (firibgarlik) va 28,211-(pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.