Qashqadaryoda 22 nafar masʼul lavozimidan ozod etildi

    Shu yilning 13-may kuni Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov rahbarligida tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtkazilgan yigʻilishda bir qator masʼullarga chora koʻrildi. Bu haqda hokimlik axborot xizmati maʼlum qildi.

    Taʼkidlanishicha, yigʻilishda viloyatda “Sayxunobod, Uychi va Zarbdor tajribalari”ni keng joriy qilish, bandlikni taʼminlash, aholini biznesga jalb etish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratish, muammoli kreditlar ulushini qisqartirish, joriy yil chaqiruv mavsumida safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatining tashkil etilishi hamda Hisob palatasi tomonidan davlat xaridlarining qonuniyligi yuzasidan viloyatda oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

    Viloyat hokimi har bir masalaga atroflicha toʻxtalib, yutuq va kamchiliklarga alohida eʼtibor qaratdi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan koʻchatlarni parvarishlash, viloyat markazi hisoblangan Qarshi shahrida obodonlashtirish ishlarini olib borish, har bir tashkilot va muassasada oʻz hududini toza va fayzli saqlashi kerakligi taʼkidlandi.

    Yigʻilish kun tartibidagi masalalarni bajarilishiga eʼtiborsizlik bilan qaraganligi uchun 22 nafar masʼullar lavozimidan ozod etildi. 29 nafarini vazifasidan ozod etish boʻyicha Respublika rahbariyatiga taqdimnoma kiritiladigan boʻldi. 41 nafar masʼullarga navbatdagi intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan boʻlsa, 27 nafarining faoliyati qoniqarsiz deb topilib, keyingi chorak yakunlari boʻyicha ijobiy oʻzgarish qilmagan taqdirda, ularga nisbatan keskin choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

    Bundan tashqari viloyatdagi Axborot xizmatlari va OAV vakillariga ijtimoiy roliklar, ish oʻrinlari eʼlonlari, Prezidentimiz tomonlaridan yaratib berilgan imtiyozli kredit hamda subsidiyalarga oid materiallarni keng jamoatchilikka yetib borishi uchun targʻibotini kuchaytirish vazifasi topshirildi.