Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati idoralari vakillari bilan hamkorlikda Chiroqchi tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi fosh qilindi.

Tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro U.Yu.ga tegishli qoʻl sumkasi belgilangan tartibda koʻzdan kechirilganida, yuklari orasidagi oyoq kiyimi ichiga 2 dona polietilen oʻramlar yashirilganligi aniqlandi.

Mazkur oʻramlar ochib koʻrilganida esa, uning ichidagi modda 97,5 gr. ogʻirlikdagi “marixauna” giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum boʻldi.

Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, Qamashi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro I.N. hamda Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro A.B.lar 197,2 gr ogʻirlikdagi “marixuana”ni oʻzaro oldi-sotdi qilishayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

Shunday qilib, mazkur tezkor tadbir davomida jami ogʻirligi 294.7 gr. ogʻirlikdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.

Qamashi tumanida oʻtkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa, ushbu tumanda istiqomat qiluvchi fuqaroning yashash xonadoni belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.

Natijada, xonadon tomiga 2 kg. 202 gr. ogʻirlikdagi “marixuana” giyohvandlik vositalari yashirib qoʻyilganligi fosh boʻldi. Koʻzdan kechirish davomida hovlidagi tomorqada 542 tup “kannabis” giyohvandlik oʻsimligi ham parvarishlayotganligi aniqlandi.