Soʻnggi yillarda yurtimizda aholi soni oshib bormoqda. Bu esa sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojning ortishiga olib keladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, vazirlik mahalliy hokimliklar bilan birgalikda oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtiriladigan yer maydonlarini kengaytirish boʻyicha, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Jumladan, joriy yilda Qashqadaryo viloyatida 25 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda yangi oʻzlashtiriladigan hamda qayta foydalanishga kiritiladigan ushbu yer maydonlariga kam suv talab qiladigan, suvsizlikka chidamli va suv toʻplash xususiyatiga ega boʻlgan ekinlarni joylashtirish choralari koʻrilmoqda.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlardan bir mavsumda kamida 2-marta hosil olish choralarini koʻrish, bunda tezpishar ekinlar urugʻi, koʻchatlar, mineral oʻgʻit, yonilgʻi-moylash materiallari va boshqa turdagi resurslar bilan barqaror taʼminlash tizimini yaratish boʻyicha tegishli ishlar olib borilmoqda.