Qashqadaryoda 38 nafar ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga uy-joy berildi

    Ijtimoiy hayot 25 Dekabr 2023 1225

    Biz bu yaxshiliklarni hech qachon yodimizdan chiqarmaymiz va bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida dadil qadam tashlaymiz”, — deydi Munisa Toshniyozova.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi joriy etildi.

    Davlat rahbarining mazkur qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyatida istiqomat qilayotgan 38 nafar ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uy-joy bilan ta’minlandi.

    Bugun, viloyat hokimi Murotjon Azimov ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun ajratilgan uylar kalitini o‘z egalariga topshirdi. Prezident qarori ijrosini taʼminlanishi ortidan viloyatda yashovchi ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning yana 38 nafari yangi yilni oʻz xonadonlarida kutib olishadigan bo‘ldi.

    “Davlatimiz rahbari bizga shunchalik kuchli e’tibor qaratganlarki, qashqadaryolik biz kabi yoshlarni bir oila deb qarasak, barchamiz oliy ta’lim muassasalarida tahsil olib, uy-joy bilan ta’minlanib kelmoqdamiz. Menda shunday tushuncha borki, hatto o‘z ota-onangiz ham barcha farzandlariga birdek sharoit yaratib berolmaydi. Prezidentimiz esa barcha ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ulkan imkoniyatlar tuhfa qilmoqda. Biz bu yaxshiliklarni hech qachon yodimizdan chiqarmaymiz va bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida dadil qadam tashlaymiz”, — deydi Munisa Toshniyozova.

    Ma’lumot o‘rnida joriy yilning 30-iyun “Yoshlar kuni” munosabati bilan ham 30 nafar yoshlarga uy topshirilgan edi.