Keltirilishicha, Fargʻonaning Dangʻara tumanida 1993-yilda tugʻilgan S.N. oʻtgan yilning 19-sentyabr kuni Qarshi shahrida “Qarshi kredit” MCHJ ochgan. Unga Toshkent shahrida 1999-yilda tugʻilgan S.J.ni ish boshqaruvchi etib tayinlagan. Biroq S.J. savdo-sotiq, reklama ishlari bilan shugʻullanishi kerak boʻlsa-da, koʻplab fuqarolarning pullarini kredit berish orqali jalb etishga erishgan.
Jinoiy sheriklar birgalikda juda koʻp mablagʻlarni oʻzlashtirish maqsadida fuqarolarga dastlabki toʻlov evaziga kreditga pul berishga kelishib, oldindan 20 foizini olib qolgan, vaʼda qilingan pullarni mijozlarga naqd pul shaklida berishini aytgan. Shu orqali ular 606 nafar fuqarodan 6 milliard 462 million 550 ming soʻm pullarni qabul qilib olgan.
Holat yuzasidan 2023-yil 4-oktyabr kuni Qarshi shahar IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchilar nomaʼlum tomonga yashiringani sababli ularga qidiruv eʼlon qilingan. Ular haqida xabar berganlarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.