Bugun, 7-mart kuni Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida Damas rusumli avtomobilga oʻrnatilgan gaz balloni portlab ketdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, soat 10:30 larda Koson tumani “Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Maymanoq–Koson chorrahasida harakatlanmay turgan Damas avtomobiliga oʻrnatilgan siqilgan gaz balloni texnik nosozlik sabab chaqnagan.
Qayd etilishicha, hodisa avtomobillarga siqilgan gaz toʻldirish shoxobchasida sodir boʻlmagan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan va yongʻin yuzaga kelmagan.
Hozirda voqea sabablari va yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.