Qashqadaryoda ishlab chiqarilgan oyoq kiyimlar eksportga joʻnatilmoqda

    Biznes 1 Fevral 2021 4419

    Yurtimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish yoʻlida olib borilayotgan chora-tadbirlar aniq maqsadlarga qaratilgani bugun hayotimizning har bir jabhasida oʻz isbotini topib, yuksak samarasini bermoqda.

    Buni birgina tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar misolida ham koʻrish mumkin.

    Qarshi shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Premium capital group” masʼuliyati cheklangan jamiyati poyafzal mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan korxona hisoblanadi.

    Korxona dastlab oʻz faoliyatini 2012-yilda 5 nafar ishchi bilan boshlagan.

    Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilgan yengilliklardan samarali foydalangan tadbirkor 2015-yilda Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy texnologik uskunalar olib kelib, oʻz faoliyatini yana-da kengaytirdi.

    Hozirgi kunda korxonada 100 nafardan ziyod ishchi xodimlar mehnat qilmoqda. Kuniga oʻrtacha 500 juft turli xildagi poyafzallar ishlab chiqarilmoqda.

    Korxonada ishchi xodimlarga barcha qulayliklar yaratilgan.

    Poyafzal ishlab chiqarishda mahalliy xomashyo mahsulotlaridan foydalanilmoqda. Tayyor mahsulotlar ichki bozorni taʼminlash bilan birga, chet davlatlariga ham eksportga joʻnatilmoqda.

    - Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni eng avvalo sifatiga katta eʼtibor qaratamiz – deydi, “Premium capital group” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilshod Muftillayev, – Sifatli va bejirim mahsulotlarimizga chet davlatlarda xaridor koʻp. Ayni kungacha 400 ming AQSH dollarilik mahsulotlarni eksport qilishga erishdik. Eksportda bojxonada yaratilgan qulayliklar as qotmoqda.

    Tadbirkor yaqin kunlarda poyafzal ishlab chiqarishga moʻljallangan navbatdagi yangi loyihani ishga tushirish arafasida. Loyiha doirasida olib kelingan uskuna va ehtiyot qismlar “Nasaf” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tomonidan bojxona toʻlovlaridan imtiyozlar qoʻllanilgan holda qisqa fursatda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazib berildi.